Yaponiya boks jamoatchiligini qattiq qayg‘uga solgan mudhish voqea sodir bo‘ldi. Tokio shahrida o‘tkazilgan turnirdan so‘ng ikki professional bokschi — 29 yoshli Xirumasa Urakava va 28 yoshli Sigetosi Kotari hayot bilan vidolashdi. Bu haqida Jahon boks tashkiloti (WBO) rasmiy ravishda ma’lum qildi.
2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvda Xirumasa Urakava sakkizinchi raundda vatandoshi Edzi Saitoga qarshi jang qildi. Ushbu to‘qnashuvda u texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchradi. Jang jarayonida Urakava boshidan og‘ir jarohat olgan va shoshilinch tarzda shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatni ishga solishdi. Sportchiga bosh miya ichki qon ketishi tashxisi qo‘yilib, kraniotomiya amaliyoti o‘tkazildi. Biroq, afsuski, og‘ir jarohat oqibatlariga bardosh bera olmagan Urakava 9 avgust kuni vafot etdi.
WBO o‘z bayonotida:
"Bu nihoyatda og‘ir damlarda marhumning oilasi va yaqinlariga, shuningdek, Yaponiya boks hamjamiyatiga chuqur ta’ziya bildiramiz", — deya bildirishdi.
Ayni turnirda sodir bo‘lgan yana bir fojia sport olamini yanada qayg‘uga soldi. WBO ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli Sigetosi Kotari ham bellashuvdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. U o‘z vatandoshi Yamato Xataga qarshi Sharqiy va Tinch okeani boks federatsiyasining ikkinchi yengil vazn toifasidagi chempionlik kamari uchun jang qildi. 12 raund davom etgan bellashuvda hakamlar durang qarorini chiqardi va Xata o‘z unvonini himoya qildi.
Biroq jang davomida Kotari boshidan og‘ir jarohat olgan edi. Bellashuvdan keyin u ham shifoxonaga yotqizilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bir necha kun umid bilan kurashgan shifokorlar afsuski uning hayotini saqlab qololmadi.
Mazkur voqea Yaponiyada boksda xavfsizlik choralarini yana bir bor muhokama markaziga chiqardi. Mutahassislar sportchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, janglardan oldin va keyingi tibbiy tekshiruvlarni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!