date

Vadim Abramov: Hisobda oldinda borib ham g‘alabani saqlab qololmadik

Vadim Abramov: Hisobda oldinda borib ham g‘alabani saqlab qololmadik

Superliganing 18-turidan o‘rin olgan va jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan "Dinamo" – "Paxtakor" bahsi 1:1 hisobida yakuniga yetdi. Uchrashuvdan so‘ng "Dinamo" bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tajribali murabbiy avvalo natijadan ko‘ngli to‘lmaganini yashirmadi:
— Afsuski, yana hisobda oldinda borgan holatimizda g‘alabani saqlab qololmadik. Buning uchun, shubhasiz, o‘zimiz aybdormiz. Ikkinchi taymda tashabbusni raqibga berib qo‘ydik, himoyada noto‘g‘ri harakat qildik, yarim himoyada esa ko‘plab kamchiliklar ko‘rindi. Go‘yoki o‘rta chiziqsiz o‘ynayotgandek bo‘ldik. Hisob 1:0 bo‘lganida raqibni qarshi hujumlarda ushlashimiz mumkin edi, ammo aksincha, o‘zimiz qarshi hujumlarda ortda qoldik. "Paxtakor"ning urgan goli ofsaydga o‘xshadi, lekin endi buni ta’kidlashning foydasi yo‘q. Natijada biz qoniqtirmaydigan durang qayd etdik.

Ustoz shogirdi Ulug‘bek Hoshimovning holati haqida ham to‘xtaldi:
— Hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Ertaga tekshiruv natijasini bilamiz. Jiddiy jarohat emas, deb o‘ylayman. Ehtimol, bir-ikki hafta o‘yinlarda qatnasholmasa kerak.

Murabbiydan jamoaning uyda va safardagi o‘yinlari farqi haqida ham so‘rashdi:
— Buni psixologik bosim deb ayta olmayman. Balki uydagi bahslarda katta ishtiyoq va o‘zimizni ko‘rsatish istagi haddan ziyod bo‘layotgandir. Shu bois, kerakli o‘yin uslubini unutib qo‘yapmiz. Futbolni to‘g‘ri o‘ynash zarur — shunda natija ham keladi.

Qizil kartochka mavzusida esa Abramov ochiqchasiga hayratda ekanini bildirdi:
— Rostini aytsam, nima ro‘y berganini tushunmay qoldim. Hakamlar hatto VARga ham murojaat qilmadi. Chetlatilgan futbolchimiz odobli va intizomli o‘yinchi, “qizil” oladiganlar qatoriga kirmaydi. Nima uchun maydondan chetlatishgani men uchun ham sir.

Abdixoliqovning golida ofsayd bo‘lgani haqidagi savolga javoban esa shunday dedi:
— Menimcha, o‘yindan tashqari holat bor edi. Ammo hakamlar uzoq o‘ylab, oxiri golni hisoblashdi.

Hakamlik haqida umumiy fikri:
— Hammamiz insonmiz, xatolar bo‘ladi. Bu hakamlikda ham shunday holatlar uchradi.

Chempionlik uchun kurash haqidagi savolga Abramov qat’iy javob berdi:
— Biz hech qachon kurashdan chekinmaymiz. Hali oldimizda "Neftchi" va "Nasaf" bilan bahslar bor. Oxirigacha harakat qilamiz.

Muxlislar uchun bu so‘zlar shuni anglatadiki, “Dinamo” hali barchasini yo‘qotmagan va har bir bahsda maksimal natija uchun maydonga tushadi. Qolgan uchrashuvlar chempionlik intrigacini yanada qizdirishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: Hisobda oldinda borib ham g‘alabani saqlab qololmadik