Superliganing 18-turidan o‘rin olgan, muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otgan “Dinamo” – “Paxtakor” bahsi 1:1 hisobida yakun topdi. Qizg‘in o‘tgan ushbu bellashuvdan so‘ng “Paxtakor” bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin borasidagi fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tajribali murabbiy avvalo uchrashuvning umumiy taassurotlari haqida to‘xtalib, shunday dedi:
— Bugun jamoamiz uchrashuvni juda faol va ishonchli boshladi. Biroq afsuski, mutlaqo kutilmagan holatda darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. Bu vaziyat futbolchilarimiz kayfiyatiga va ruhiy holatiga ta’sirsiz qolmadi. Shundan so‘ng biroz o‘zimizga kelib, vaziyatni tuzatish uchun harakat qildik. Oxirgi daqiqalargacha har bir to‘p uchun kurashdik. Shu o‘rinda jamoam a’zolariga minnatdorchilik bildiraman. O‘ylaymanki, bugungi bellashuv tomoshabinlar uchun ham qiziqarli va didga yarasha o‘tdi. “Dinamo” ham o‘yin uslubi shakllangan, yaxshi tashkil etilgan jamoa ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Matbuot anjumanida “Paxtakor”ning jadvaldagi holati haqida ham savol berildi. Jamoa odatda yuqori pog‘onalarda ko‘rinsa-da, bugungi kunda raqiblar oldinga o‘tib ketgani qayd etildi. Bu haqda Tojiyev quyidagicha izoh berdi:
— Birinchi davrada yo‘qotgan ochkolarimiz hozir ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir qator o‘yinlarda kutilmagan mag‘lubiyatlar bo‘ldi. Shuning uchun mavqeimiz pasaydi. Biroq bu bilan biror narsani tugatdik, deb bo‘lmaydi. Oxirigacha maydonda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Kuchli raqobat va zich taqvim sababli ayrim futbolchilarda charchoq sezilayotgani haqida ham gapirildi:
— Oydin ko‘rinib turibdiki, ayrimlar jismoniy jihatdan to‘liq tiklana olmayapti. Shu bois ketma-ket almashtirish qarorini qabul qildik. Bu bilan o‘yindagi vaziyatni o‘z foydamizga o‘zgartirishni maqsad qildik.
Yozgi transfer oynasida jamoaga qo‘shilgan Aziz Turg‘unboyev haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Murabbiyning aytishicha, u bir vaqtning o‘zida ham chap qanot himoyasida, ham yarim himoyada samarali harakat qila oladi:
— Azizning oldinga chiqib, keyin yana orqaga qaytishga kuchi yetadi. Shuning uchun hozircha undan asosan qanotda foydalanyapmiz.
Matbuot va muxlislar tomonidan Turg‘unboyev, Abdixoliqov, Erkinov kabi ilgari legioner bo‘lgan futbolchilarning yetakchilik fazilatlari ko‘rinmayotgani haqidagi savol ham berildi. Tojiyev bu masalada chempionat saviyasiga e’tibor qaratdi:
— Bugungi kunda milliy chempionatimiz darajasi juda oshgan. Ko‘p hollarda arab ligalari jamoalaridan ham kuchli o‘yin ko‘rsatmoqdamiz. Barcha jarayonlar vaqt talab qiladi.
Murabbiy yoshlar bilan ishlash borasida ham o‘z pozitsiyasini ochiq bildirdi:
— Ha, men doim yoshlar bilan ishlab kelganman va bundan keyin ham ishlayman. Jamoamizda iqtidorli yoshlar ko‘p. Ularga imkoniyat berish, rivojlantirish va terma jamoa darajasiga yetkazish — biz uchun muhim vazifa. Biroq tajribasiz tarkib bilan katta natijaga erishish qiyin. Futbolda tajriba ham juda katta ahamiyatga ega.
So‘z oxirida Tojiyev stadiondagi muhit haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
— Atmosfera a’lo darajada bo‘ldi. Muxlislar ham, futbolchilar ham o‘yindan zavq olishdi. Biz bu yerga g‘alaba uchun kelgan edik, ammo durang ham yomon natija emas.
Shubhasiz, “Paxtakor” bosh murabbiyining bu so‘zlari muxlislarga umid bag‘ishlaydi. Jamoa oldindagi uchrashuvlarda ham barcha imkoniyatlarini ishga solib, yuqori maqsadlar yo‘lida maydonga tushishi aniq.
Kamoliddin Tojiyev: Jamoamiz oxirigacha maydonda kurashadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar