O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu masalaga taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev ham o‘z munosabatini bildirib, terma jamoa murabbiylar shtabi qanday shakllanishi kerakligi haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Nikimbayevning ta’kidlashicha, bu masalada to‘g‘ri balans topish juda muhim. Uning fikricha, savol shundaki: biz murabbiyni faqat Jahon chempionati–2026 uchun izlayapmizmi yoki Osiyo Kubogini ham inobatga olayapmizmi? Axir, Osiyo Kubogiga ham atigi yarim yil qoldi. Demak, bu yerda masala nafaqat bir turnir, balki ikki muhim musobaqada ham terma jamoani boshqara oladigan murabbiy haqida ketmoqda.
— Bu xuddi shaxmatga o‘xshaydi, — deydi Nikimbayev. — Bir qadamni amalga oshirsangiz, keyingi harakatlaringiz ham oldindan hisoblangan bo‘lishi kerak. Agar hozir barcha ishni chet ellik mutaxassisga topshirib, uni shoshilinch tarzda olib kelsak, bu ham to‘g‘ri qaror bo‘lmasligi mumkin. Lyov, Bilich, Kapello yoki Anchelottini olib kelishdan avval, ulardan nimani kutayotganimizni, qanday vazifalarni bajarishini va qancha muddatga ishlashini aniq belgilab olishimiz shart.
Mutasaddi fikriga ko‘ra, hozirgi terma jamoadagi futbolchilarning yarmi 30 yoshdan oshgan, qolganlari esa tez orada shu yoshga yetadi. Shu sabab, ertami-kechmi tarkibni yangilash zaruriyati paydo bo‘ladi. Nikimbayevning taxminiga ko‘ra, agar yirik jarohatlar yoki yangi yulduzlar chiqib qolmasa, O‘zbekistonni mundialga olib chiqqan tarkib aynan o‘sha holatda musobaqada ishtirok etadi.
U, ayniqsa, Timur Kapadze masalasiga alohida to‘xtaldi:
— Menimcha, Kapadze terma jamoada qolishi shart. Qaysi lavozimda bo‘lishini alohida muhokama qilish mumkin, ammo uning qolishi jamoa kelajagi uchun zarur. U yosh futbolchilarni hammadan yaxshi biladi, ular bilan ishlay oladi. “Olimpik” orqali yuzlab futbolchilarni tayyorlab bergan murabbiy sifatida Kapadze kelajakda milliy jamoaning asosiy poydevorini qurishga qodir.
Nikimbayevning fikricha, hatto chet ellik murabbiy taklif etilgan taqdirda ham, Kapadzening jamoadagi o‘rni alohida bo‘lishi kerak. Chunki mahalliy futbolchilarning imkoniyatlarini u yaxshi biladi va xorijlik mutaxassisga yo‘l-yo‘riq ko‘rsata oladi.
Biroq u Kapadzening ayrim zaif tomonlarini ham qayd etdi. Misol uchun, u hali katta turnirlarda — Jahon chempionati yoki Olimpiadada — to‘plam tajribaga ega emas. Parij Olimpiadasida kutilgan natija kelmagani ham ana shu omil bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Xulosa qilib aytganda, Nikimbayevning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston uchun eng maqbul variant — mahalliy va xorijiy tajribani uyg‘unlashtirgan murabbiylar shtabi shakllantirish. Chet ellik murabbiy maslahatchi sifatida yordam berishi, Kapadze esa milliy jamoa asosini shakllantirishda boshchi bo‘lishi lozim.
Bu masalada yakuniy qaror O‘FA qo‘lida. Ammo bir narsa aniq: O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga borishi kutilgan sharoitda, to‘g‘ri murabbiylar shtabi tanlanishi hal qiluvchi omil bo‘ladi.
O‘zbekiston termasi shtabi: Kapadze qoladimi yoki chet ellik keladimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar