date

10 yoshli londoniyalik qiz shaxmatda tarixiy rekord o‘rnatdi

10 yoshli londoniyalik qiz shaxmatda tarixiy rekord o‘rnatdi

Londonda istiqomat qiladigan 10 yoshli Bodhana Sivananda shaxmat olamida yangi tarix yaratdi. U xalqaro master unvonini qo‘lga kiritib, bu martabani olgan eng yosh ayol shaxmatchiga aylandi. Shu bilan birga, avgust oyi boshida u Buyuk Britaniya chempionatida grossmeysterni mag‘lub etgan eng yosh qiz sifatida ham rekordchi bo‘ldi, deb xabar berdi BBC.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sivananda 10 yosh, 5 oy va 3 kunlik paytida g‘alaba qozondi. Shu tariqa u amerikalik Karissa Yipning 2019 yilda o‘rnatgan 10 yosh, 11 oy va 20 kunlik rekordini ortda qoldirdi. Britaniya shaxmat federatsiyasi bu natijani mamlakat shaxmat tarixidagi eng yorqin voqealardan biri sifatida qayd etdi.

Shaxmatdagi «xalqaro master ayol» unvoni — grossmeysterdan keyingi ikkinchi eng yuqori martaba bo‘lib, uni qo‘lga kiritish har qanday shaxmatchi uchun katta yutuq hisoblanadi. Grossmeyster esa umrbod saqlanadigan va eng oliy maqom sifatida e’tirof etiladi.

Sivanandaning shaxmatga bo‘lgan qiziqishi pandemiya davrida, atigi 5 yoshida boshlangan. Uning birinchi shaxmat taxtasi otasining Hindistonga qaytishga tayyorlanayotgan do‘stidan qolgan sovg‘a bo‘lgan. Dastlab qizcha shaxmat donalarini o‘yinchoq sifatida ishlatgan, ammo ordan ko‘p o‘tmay qoidalarini o‘rganishga katta qiziqish bilan kirishgan.

Qiziqarlisi, uning oilasida shaxmatga qiziquvchi yoki professional o‘ynovchi hech kim yo‘q. Otasi Siva va onasi muhandislik sohasida ishlaydi va shaxmat bilan jiddiy shug‘ullanmagan. Shunga qaramay, qizaloqning iste’dodi qisqa vaqt ichida namoyon bo‘lib, uning nomini jahonga tanitdi.

Bir yil avval Bodhana milliy terma jamoaga kirgan eng yosh britaniyalik sportchi sifatida ham tarixga kirgandi. Endilikda esa u nafaqat o‘z yurti, balki butun shaxmat dunyosi uchun ilhom manbai bo‘lib qoldi.

Mutaxassislar fikricha, bu g‘alaba yosh avlodning shaxmatga qiziqishini yanada oshirishi va Buyuk Britaniyada intellektual sport turini ommalashtirishga katta hissa qo‘shishi mumkin.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 10 yoshli londoniyalik qiz shaxmatda tarixiy rekord o‘rnatdi