Bir necha kun oldin O‘zbekiston futzal federatsiyasi (O‘FF) matbuot xizmati 2025/2026-yilgi mavsum uchun ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangani haqida xabar bergandi. Endi esa mazkur jarayonning so‘nggi bosqichiga kirilmoqda.
Akkreditatsiya uchun ajratilgan vaqtning tugashi yaqin. Shu bois, bugun kun davomida jurnalistlar, fotomuxbirlar, blogerlar va tasvirchilardan arizalar qabul qilinishi yana davom etadi. Ertaga va undan keyingi kunlarda — ya’ni shanba va yakshanba kunlari O‘FF mas’ullari kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqadilar. Tanlov jarayoni "OAV xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi" asosida amalga oshiriladi va barcha talablarga javob beruvchi nomzodlarga mavsum mobaynida xizmat qilishi uchun akkreditatsiya kartalari rasmiylashtiriladi.
Shu bilan birga, muhim yangilik sifatida aytish joizki, joriy yilning 25 avgust kuni soat 14:00da poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasi anjumanlar zalida O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyati ishtirokida katta brifing o‘tkaziladi. Unda yangi mavsum oldidan rejalar, maqsadlar va dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Mazkur matbuot anjumani yakunida esa OAV vakillari uchun muhim jarayon — akkreditatsiya kartalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘FFning Media va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash departamenti barcha talablarga javob bergan va rasmiy ro‘yxatga kiritilgan jurnalist hamda blogerlarga maxsus akkreditatsiya kartalarini taqdim etadi.
Shu tariqa, yangi mavsum oldidan OAV vakillari uchun muhim bosqich ham yakunlanmoqda. Bu jarayon nafaqat axborot sohasi xodimlari uchun, balki futbol muxlislari uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki akkreditatsiyalangan jurnalistlar orqali yangi mavsum voqealari keng yoritilib, muxlislar eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lib boradilar.
O‘FF brifingidan so‘ng akkreditatsiya kartalari topshiriladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar