Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Paxtakor” uchrashuvi muxlislar uchun tom ma’nodagi golli shou bo‘ldi. Toshkent klubi safarda raqib darvozasiga olti marta yo‘l topib, 2:6 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Uchrashuvdan so‘ng “Paxtakor” bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— Bahs haqida nima deysiz?
“Uchrashuv to‘liq jamoamiz ustunligida kechdi. Barcha futbolchilarga oxirgi daqiqagacha kurashganlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Maydonda o‘n kishi qolishimizga qaramasdan, jamoa o‘z salohiyatini ko‘rsata oldi. Bu g‘alabada ularning g‘ayrati va irodasi katta ahamiyat kasb etdi”, — dedi Tojiyev.
— Yirik hisobni kutganmidingiz?
“Biz bu o‘yinga faqat g‘alaba uchun kelgandik. Shunday bo‘lsa-da, natija bunchalik yirik ko‘rinish olishini kutmagan edim. Bu — yigitlarning jonbozligi va maydondagi har bir vazifani bajarishga bo‘lgan jiddiy munosabati samarasi”, — deya javob berdi murabbiy.
— “Andijon” bosh murabbiyi Maksim Shatskix “Paxtakor”ga begona emas. Shu jihat jamoani tayyorlashda qiyinchilik tug‘dirmadimi?
“Biz har qanday raqibga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rsak, bu uchrashuvda ham xuddi shunday yo‘l tutdik. Yigitlarga ko‘rsatmalarni aniq va to‘g‘ri bajarish zarurligini aytgandim. Ular shu ishni muvaffaqiyatli amalga oshirishdi va g‘alaba bilan qaytdik”, — dedi Kamoliddin Tojiyev.
Shu tariqa, “Paxtakor” nafaqat yirik hisobli g‘alabani qo‘lga kiritdi, balki muxlislarga jozibali o‘yin taqdim etdi. Endi esa klubning navbatdagi turlarda qanday harakat qilishi yanada qiziqish bilan kutilmoqda.
Kamoliddin Tojiyev “Andijon” mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar