Superliganing 20-turidan o‘rin olgan OKMK – «Xorazm» (3:1) uchrashuvidan keyin olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa muhim uch ochkoni qo‘lga kiritgani barcha ishtiyoqning asosiy samarasi bo‘ldi.
«Asosiy maqsad – uch ochko edi»
— Biz uchun eng muhimi g‘alabaga erishish va uch ochko olish edi. Har bir bahs tobora og‘ir kechmoqda. Birinchi davrada ham qiynalganmiz, shu sabab bu safar ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. «Xorazm» jamoasi bugun maydonda juda yaxshi harakat qildi. Xususan, ularning hujumchilari Bobojonov va Samiyev himoyachilarimizga jiddiy qiyinchilik tug‘dirdi va ulardan biri golga aylandi. Qiziqarli, biroq juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. Shu fursatdan foydalanib, bizga doim qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatayotgan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman, — dedi Qosimov.
«Xatolar ham bor edi, raqib ham yaxshi harakat qildi»
— Birinchi bo‘limda qanot orqali hujumlarni yaxshi boshladik, ammo to‘p markazga yetib bormayotganini ko‘rdik. Bu holatda noaniq uzatmalar ham ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, «Xorazm»ning uchta markaziy himoyachi bilan mustahkam o‘ynaganini ham qayd etish kerak. Ularning 7 va 94-raqamli futbolchilari qanotdan tezkor chiqib, himoyamizga bosim o‘tkazishdi. 45-daqiqada Nodir Abdurazzoqov ajoyib kombinatsiyadan keyin gol urish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo undan foydalana olmadi.
Futbolning qonun-qoidasi shu: imkoniyatdan foydalanmasang, raqib unga javob qaytaradi. Samarqanddagi o‘yinda ham mag‘lubiyatga arzimagan edik, o‘shanda Xurshid G‘iyosov va Ajak Riakda imkoniyatlar bor edi.
«Katta tanaffus biz uchun sinov bo‘ladi»
— Endi katta tanaffus kutmoqda. Bu murabbiylar uchun ham ma’lum ma’noda bosh og‘rig‘i. Chunki futbolchilarni doimiy tonusda ushlab turish oson emas. Avvalo, milliy terma jamoa va U-23ga chaqirilgan o‘yinchilarimizga omad tilaymiz. Ular yaxshi holatda qaytishiga ishonamiz. Biz uchun bu holat yangilik emas — chempionat boshlanishi bilanoq FIFA kunlari kirib keladi va jamoa bir muddat o‘yin ritmidan chiqib qolishi mumkin. Keyingi bahs 12 sentyabrda bo‘ladi. Shu oraliqda o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazamiz. Bu vaqtda jamoaga uch kun dam beramiz, so‘ngra esa navbatdagi bahslarga jiddiy tayyorgarlikni boshlaymiz, — deya ta’kidladi murabbiy.
Qosimov so‘zlariga ko‘ra, OKMK oldindagi uchrashuvlarda ham o‘z maqsadidan chekinmasdan, yuqori pog‘onalar uchun kurashni davom ettiradi.
Mirjalol Qosimov: «Xorazm»ga qarshi g‘alaba oson bo‘lmadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar