date

Hakim Fuzaylov: «Qisqa zahiramiz o‘yin oxirida sezilyapti»

Hakim Fuzaylov: «Qisqa zahiramiz o‘yin oxirida sezilyapti»

Superliganing 20-turidan o‘rin olgan OKMK – «Xorazm» (3:1) bahsidan keyin xorazmliklar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov matbuot anjumanida ishtirok etdi. Murabbiy jamoa imkoniyatlari va muammolari haqida ochiq fikr bildirdi.

«OKMKni g‘alaba bilan tabriklayman»

— Bugungi bahs biz uchun oson kechmadi. Chunki hozirda taqvim juda zich va og‘ir. Umuman olganda, raqibning hujumlariga biz ham qarshi hujumlar bilan javob qaytardik. Biroq OKMK ko‘proq to‘p kiritdi va g‘alabaga erishdi. Shuning uchun raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz esa bundan keyin ham maydonda kurashishda davom etamiz, — dedi Fuzaylov.

«So‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazishning sababi»

— Ko‘plab o‘yinlarda, jumladan bugun ham, shuningdek «Buxoro»ga qarshi bahsda ham so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubormoqdamiz. Buning asosiy sababi — zaxiramiz juda qisqa. Asosiy tarkibdagi futbolchilar katta bosim ostida qolishmoqda. Yakunda qandaydir kuch yetishmayapti. Bunga, albatta, qisqa vaqtda ketma-ket o‘yinlar ta’sir qilmoqda. Masalan, to‘rt kundan keyin beshinchi, uch kundan keyin to‘rtinchi o‘yinni o‘tkazishimiz kerak bo‘lyapti. Shuning uchun yigitlar tiklanishga ulgurishmayapti.

«FIFA kunlarida rejalarimiz»

— Endi ikki haftalik tanaffus kutmoqda. Avvalo, bir necha kun futbolchilarga dam beramiz. Keyin esa 14 sentyabrdagi «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz. Bu vaqt oralig‘ida nazorat bahslari o‘tkazamiz. Hozir raqiblarni qidiryapmiz. Turkmaniston terma jamoasidan o‘ynash taklifi bo‘lgan edi, ammo 26 avgust juda ham qisqa muddat bo‘lgani uchun bu taklifni qabul qilmadik, — deya izoh berdi murabbiy.

Hakim Fuzaylov ta’kidlaganidek, «Xorazm» oldindagi bahslarda kuch to‘plab, muxlislarini yanada yaxshi o‘yin bilan xursand etishni maqsad qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hakim Fuzaylov: «Qisqa zahiramiz o‘yin oxirida sezilyapti»