O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati hamda sport sohasining qator tashkilotlari vakillari Angliya safari doirasida Manchester shahriga tashrif buyurib, jahon futbolida yetakchi klublardan biri sanalgan «Manchester Siti» mehmoni bo‘lishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tashrifda MOQ raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov ham delegatsiya tarkibida bo‘ldi.
Pep Gvardiola boshchiligida o‘tgan mashg‘ulot jarayoni davomida mehmonlar «Siti» klubining tayyorgarlik tizimi, zamonaviy infratuzilmasi va yosh avlod futbolchilari bilan ishlash usullarini yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ayni vaqtda jamoa safida to‘p surib kelayotgan o‘zbekistonlik iqtidorli himoyachi Abduqodir Husanovning borligi esa bu tashrifning ahamiyatini yanada oshirdi. Uning «Siti»dagi ishtiroki o‘zbek futboli uchun katta strategik qadam sifatida qayd etilmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, bundan oldin ham «Manchester Siti»ga tegishli kompaniya O‘zbekistonda futbol klubi xarid qilish ehtimoli haqida xabarlar tarqalgan edi. Shu ma’noda, mazkur tashrif va muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga yo‘l ochishi mumkinligi aytilib, sport mutaxassislari bu jarayonni jiddiy strategik imkoniyat sifatida baholamoqda.
Ekspertlar ta’kidlashicha, agar shunday loyiha amalga oshsa, bu nafaqat o‘zbek futboli infratuzilmasi va akademik tizimini rivojlantirishga, balki yoshlar bilan ishlashda ham zamonaviy yechimlar va xalqaro standartlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Muxlislar esa o‘z navbatida bu tashrifni katta qiziqish bilan kuzatib, yurtimiz futbolida yangi sahifa ochilishiga umid bildirishmoqda.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi «Manchester Siti» mehmoni bo‘ldi (foto)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar