O‘zbekistonda futbol endi raqamli zamonga mos tarzda rivojlanadi. Prezidentning 2025 yil 21 avgustdagi qaroriga ko‘ra, mamlakatda futbol sohasini tubdan raqamlashtirish va uni yanada ommalashtirish uchun qator chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga asosan, futbol infrastrukturasini xalqaro standartlarga moslashtirish, maydonlar sonini ko‘paytirish va aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlar orasida futbolga qiziqishni oshirish ko‘zda tutilgan. Bu bilan futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni ortishi kutilmoqda.
Eng asosiy yangiliklardan biri – “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi. 2026 yil 1 yanvardan tajriba sifatida futbol maktablari va akademiyalarining mashg‘ulotlari onlayn kuzatiladi, futbolchilarning seleksiyasi va jismoniy holati, tibbiy ko‘rsatkichlari elektron tarzda nazorat qilinadi.
Shuningdek, 2026 yil 1 martdan boshlab futbol o‘yinlariga chiptalarni maxsus onlayn tizim orqali sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu tizimda har bir xarid shaxsiy identifikatsiya asosida amalga oshirilib, QR-kod texnologiyasi joriy qilinadi. Bu nafaqat xavfsizlikni oshiradi, balki uyushgan savdoni ham samarali nazorat qilish imkonini beradi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonda futbolni jahon standartlariga muvofiq darajada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va sohaga ishonchli axborot texnologiyalarini tatbiq qilish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!