O‘zbekiston Kubogi chorak finali doirasida Samarqandning «Dinamo» jamoasi o‘z maydonida «Sho‘rtan»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga yo‘llanma oldi. Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida samarqandliklarning bosh murabbiyi Vadim Abramov jurnalistlar savollariga atroflicha javob qaytardi.
Avvalo, u Samarqand ahli va muxlislarni yarim finalga chiqish bilan tabriklab, jamoaning har bir o‘yindan o‘yinga kuchayib borayotganini ta’kidladi. «Bizda kuchli salohiyat bor, ammo ayrim hollarda noto‘g‘ri o‘ynayapmiz. Avgust oyi juda og‘ir taqvim bilan o‘tdi, shunga qaramay sinib qolmadik. Raqibni mensimaslik holati kuzatilmadi va futbolchilarimiz bugungi o‘yinga jiddiy qarashdi. Bu esa meni juda quvontirdi», — dedi murabbiy.
Jurnalistlardan biri bu g‘alaba Abramov uchun mavsumdagi eng oson bahs bo‘ldimi, degan savol bilan murojaat qildi. U esa: «Biz Kubok uchrashuviga jiddiy tayyorlandik. 'Sho‘rtan'ning o‘yinlarini tahlil qildik, xususan 'Nasaf'ga qarshi bahslaridan o‘rgandik. Bugun standart holatlarimiz yaxshi ishladi», deya javob berdi.
Shuningdek, murabbiy Anvar Hojimirzayevning o‘yindan keyin ko‘rinmay qolganiga ham izoh berdi: «U darhol kiyim almashtirish xonasiga kirdi va tiklanish jarayonini boshladi. Gol urmadi, ammo yaxshi harakat qildi, xavfli vaziyatlar yaratdi, jamoadoshlariga yordam berdi. Unga hech qanday da’vo yo‘q».
Matbuot anjumanida jarohatlar masalasi ham ko‘tarildi. «Ratino, Mirahmadov va Hoshimovda jarohat bor. Shu sababli ular bugun qaydnomaga kiritilmadi», — dedi mutaxassis.
Marko Stanoyevich haqida ham savol berildi. Abramov bu borada quyidagicha fikr bildirdi: «Stanoyevich yevropalik va bu yerdagi issiq iqlim unga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Lekin u asosiy tarkib o‘yinchisi va hali jamoaga katta yordam beradi».
O‘rozov haqidagi savolga esa Abramov shunday javob qaytardi: «Bu savolni Kapadzega berish kerak. Men faqat bir narsani ayta olaman — 'Dinamo'ning barcha futbolchilari terma jamoaga munosib. Timurning o‘z qarashlari bor va kimni kerak deb hisoblasa, o‘shani chaqirish huquqiga ega».
Anjuman yakunida Abramov yarim finalda kim bilan o‘ynash haqida ham fikr bildirdi: «Biz kimni yuta olishga qodir bo‘lsak, o‘sha jamoa bilan to‘qnashishni istaymiz. Tarix yozishda davom etmoqdamiz va har bir bahsga jiddiy yondashamiz».
Shu tariqa, «Dinamo» jamoasi nafaqat muxlislarini quvontirdi, balki Kubokdagi intilishini yanada kuchaytirdi. Samarqandliklar endi yarim finalda ham munosib o‘yin ko‘rsatishni maqsad qilishmoqda.
Vadim Abramov: «Dinamo» tarix yozmoqda va har bir bahsga jiddiy yondashamiz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar