date

«Manchester Siti» Donnarumma uchun kutilmagan narx taklif qildi

«Manchester Siti» Donnarumma uchun kutilmagan narx taklif qildi

Yevropa futbolida yozgi transferlar oynasi tobora qizg‘inlashib borar ekan, “Manchester Siti” klubi PSJning asosiy darvozaboni Janluiji Donnarummani olib kelish rejasi bilan yana bir bor e’tibor markazida turibdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Parij klubi 26 yoshli italiyalik posbon bilan xayrlashish niyatida va uni qo‘ldan chiqarishga tayyor. Fransiya grandi Donnarummani Yevropa Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi sifatida katta narxda baholagan bo‘lsa-da, uni qo‘yib yuborishda shoshilmoqda.

“Manchester Siti” rahbariyati esa futbolchi bilan shaxsiy kelishuvga erishib bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” Donnarummaga yiliga 12 million yevro maosh taklif etgan va golkiper bu shartni qabul qilgan. Ammo masalaning asosiy qismi transfer narxiga borib taqalmoqda.

PSJ darvozabonini 50 million yevro atrofida baholagan. Lekin ular muzokaralarda moslashuvchanlik ko‘rsatib, narxni 30–35 million yevro miqdorida belgilashga tayyorligini bildirishgan. Shu bilan birga, L'Équipe jurnalisti Loik Tanzining ma’lum qilishicha, “Manchester Siti” klubi Parij tomoniga bor-yo‘g‘i 15 million yevro taklif qilgan.

Bu raqam fransiyaliklar uchun kutilmagan va hatto “kulgili” deb baholanishi mumkin bo‘lgan taklif sifatida qaralmoqda. Agar PSJ bu summaga rozi bo‘lmasa, manchesterliklar transferni yanvarga qoldirish niyatida. Bu vaqtga kelib, Donnarummaning shartnomasi tugashiga yanada yaqinlashadi va narxi pasayishi ehtimoldan xoli emas.

Shu tariqa, Yevropa futbolidagi eng qiziqarli mavzulardan biri sifatida Janluiji Donnarummaning keyingi taqdiri muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. U Premer-ligaga yo‘l oladimi yoki Parijda qolishga majbur bo‘ladimi — bu savol hali ochiqcha turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Manchester Siti» Donnarumma uchun kutilmagan narx taklif qildi