Bugun, 28 avgust kuni O'zFHM «Dinamo» PFKga rasmiy xat yo'llab, Jizzaxdagi o'yindagi hakamlik Ekspert hakamlar komissiyasi tomonidan ko'rib chiqilganini rasman malum qildi. Unga ko'ra:
Uchrashuvning 3-daqiqasida Anvarjon Hojimirzaevning raqib futbolchisi Filip Ivanovich tomonidan yiqitilgan vaziyatida hakamlarning 11 metrlik jarima zarbasi belgilamagani to'g'ri qaror deb topilgan. Shuningdek, 9, 11, 31, 75-daqiqalardagi vaziyatlarda ham bosh hakamning qarori to'g'ri deb topildi. 90+3-daqiqada Richard Fraydeyga nisbatan raqib o'yinchisi tomonidan to'psiz holatda qo'pollik qilingani esa jarima to'piga (kartochkasiz) asos bo'lishi keltirilgan.
O'yindagi kulminacion voqea – 90+6-daqiqada Oleksandr Kucherenko va raqib o'yinchisi Shohrux Abdurahmonov jarima maydoni ichida to'p uchun kurashgan vaziyatdagi bosh hakamning VARga murojaat qilib, penalti belgilash qarori esa Ekspert hakamlar komissiyasi tomonidan noto'g'ri deb topildi. Bu vaziyatda o'yin qoidasi buzilmagani va to'p uchun kurash bo'lgani takidlangan.
Hakamlar markazi direktori vazifasini bajaruvchi Mamur Saidqosimov imzosi bilan yuborilgan javob xatida qayd etilishicha, «So'g'diyona» - «Dinamo» o'yinidagi hakamlarning qarorlari o'rganib chiqilib, tegishli jazo chorasini ko'rish uchun hakamlar qo'mitasiga oshirilgan.
Reglamentning 23-bob, 7-bandiga binoan, shikoyat Ekspert-hakamlar qo'mitasida ko'rib chiqilishi uchun «Dinamo» PFK O'zPFL hisob raqamiga 10 million so'm o'tkazgandi. Shikoyatda keltirilgan tafsilotlar asoslanganligidan kelib chiqsak, reglamentning 23.8-bandiga muvofiq, bu mablag' klub hisob raqamiga qaytariladi.