Turkiyaning mashhur klubi “Fenerbaxche” va Angliya grandi “Manchester Siti” o‘rtasida kutilgan kelishuvga nuqta qo‘yildi. London klubi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik tajribali darvozabon Ederson endi turk jamoasi sharafini himoya qiladi.
32 yoshli posbon bu mavsum “shaharliklar” safida birorta uchrashuvda maydonga tushmadi. Avvalroq uni “Galatasaroy” klubi bilan ham bog‘lashgandi, biroq Ederson yakunda Istanbulning boshqa klubi “Fenerbaxche”ni tanlashga qaror qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tajribali kiper uchun taxminan 12 million funt to‘lanishi rejalashtirilgan. Bu miqdor turk klubi uchun ham katta sarmoya hisoblanadi.
“Siti” esa uning o‘rniga yangi darajadagi kiper — Italiya terma jamoasi a’zosi Janluiji Donnarummani olib kelmoqda. 26 yoshli darvozabon klubda Jeyms Trafford va Shtefan Ortega bilan asosiy tarkib uchun raqobat qiladi.
Shu tariqa, Edersonning Angliyadagi bir necha yillik yo‘li nihoyasiga yetdi va u endi Turkiya futbolida o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!