date

"Manchester Siti" himoyasidagi muammolar derbi oldidan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda

"Manchester Siti" himoyasidagi muammolar derbi oldidan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda

Angliya Premer-ligasining asosiy sovrindorlik da’vogarlaridan biri sifatida ko‘riladigan “Manchester Siti” chempionatning dastlabki uchta bahsida ikki bor maydonni mag‘lub holda tark etdi. Bu holat muxlislar va mutaxassislar orasida jiddiy savollar tug‘dirdi.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, so‘nggi mag‘lubiyatlarning asosiy sababi – himoya chizig‘idagi xato va kelishmovchiliklar. Xosep Gvardiola tarkibda turli o‘zgarishlar amalga oshirganiga qaramasdan, jamoa hali ham to‘liq uyg‘unlikka ega emasligi ko‘zga tashlanmoqda.

Angliyalik taniqli murabbiy Nil Uornok “Brayton”ga qarshi uchinchi tur bahsini chuqur tahlil qilib, ayrim himoyachilarning xatolarini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa Jon Stounz, Abduqodir Husanov va Ruben Diash harakatlarida ko‘plab kamchiliklar ko‘zga tashlangan.

— “Brayton”ga qarshi uchrashuvda Jon Stounz va Abduqodir Husanov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Husanov qo‘pol fol ishlatdi va jarima zarbasi belgilandi. Bundan unumli foydalangan raqib futbolchilari penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik Stounz to‘pni to‘g‘ri uzata olmay, raqibga g‘alaba golini kiritishga yo‘l ochdi. Diash esa hujumni o‘z vaqtida to‘xtata olmadi va orqa chiziqqa kech qoldi. Menga ular markaziy himoyada o‘ylamay harakat qilgandek tuyuldi”, – deydi Uornok.

Uning fikricha, “Manchester Siti” doim to‘pni nazorat qilishga intiladi, biroq himoyalanishdagi ishonchsizlik raqibga katta ustunlik bermoqda. Shu bois, ayniqsa “Brayton”ning g‘alaba goli epizodida butun jamoa qanday osonlik bilan ortda qolgani jiddiy signal sifatida baholandi.

Maxsus tahlillarda ko‘rsatilishicha, Ruben Diash anchadan beri o‘zini yo‘qotgan, Jon Stounz va Natan Akening yoshi ortgani va jarohatlarga moyilligi muammo bo‘lib turibdi. Yosh va kuchli himoyachilar – Husanov hamda Gvardiol esa ayni paytda jarohatdan davolanmoqda. Ular Manchester derbisigacha sog‘lom formaga qayta olmasa, Xosep Gvardiolani katta sinovlar kutib turibdi.

Shuningdek, klub bir necha bor o‘ng qanot himoyachisi zarurligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan, bu yo‘nalishda amalda hech qanday qadam tashlamadi. Tarkib qisqartirilayotgan bir paytda yangi futbolchi olish rejasi ham ko‘rinib turibdi, ammo bu jarayon kechikmoqda.

Endilikda barcha e’tibor derbiga qaratilgan. “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” bahsi Premer-liga 4-turidan o‘rin olib, 14-sentyabr kuni soat 20:30 da start oladi. Bu uchrashuvda markaziy himoya masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Manchester Siti" himoyasidagi muammolar derbi oldidan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda