“Barselona” jamoasi mavsum boshlanishi bilanoq jiddiy yo‘qotishga duch keldi. Kataloniya klubining asosiy tarkibida muhim o‘rin egallaydigan yosh yarim himoyachi Gavi qariyb bir oy davomida jamoaga yordam bera olmaydi.
Jurnalist Xavi Migel tarqatgan xabarga ko‘ra, futbolchining tibbiy ko‘rig-u tekshiruvlari uning jarohati dastlab taxmin qilinganidan ko‘ra og‘irroq ekanini aniqlab berdi. Shuning uchun uning tiklanish jarayoni kutilgandek yengil kechmaydi.
Maxsus mutaxassislar ta’kidlashicha, bu turdagi shikastdan to‘liq sog‘ayish uchun kamida to‘rt hafta talab etiladi. Shunga qaramasdan, 21 yoshli iqtidorli futbolchi 1-oktyabrga belgilangan Yevropa Chempionlar Ligasi doirasidagi “Pari Sen-Jermen”ga qarshi muhim uchrashuvga maydonga tushish niyatida.
Kataloniya klubi xalqaro tanaffusdan keyingi ilk bahsini 14-sentyabr kuni o‘tkazadi. Ispaniya chempionatining navbatdagi turi doirasida Xans-Diter Flik shogirdlari “Kamp Nou”da “Valensiya” jamoasini qabul qiladi.
Biroq murabbiylar shtabidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu uchrashuvda asosiy tarkibning bir qator muhim futbolchilari maydonga chiqa olmaydi. Bu esa “Barselona”ning oldinda turgan mas’uliyatli bahslarda qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Shu bilan birga, Gavining maydonga qaytishi muxlislar uchun asosiy kutilgan xabarga aylanishi turgan gap.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!