22-avgustdan 7-sentyabrga qadar Tailandning to‘rt yirik shahri — Bangkok, Nakhonratchasim, Chiangmay va Puketda voleybol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Har bir uchrashuvda murosasiz kurash, kuchli raqobat va ehtirosli lahzalar namoyon bo‘ldi.
Turnirning eng kutilgan qismi — final bahsida Italiya va Turkiya terma jamoalari yuzma-yuz keldi. G‘oyat shiddatli kechgan bellashuvda italiyalik voleybolchilar raqib ustidan 3:2 hisobida zafar qozonib, o‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempionligiga erishdi. Hisoblar quyidagicha qayd etildi: 25:23, 13:25, 26:24, 19:25 va hal qiluvchi partiyada 15:8.
Shu tariqa, Italiya milliy jamoasi navbatdagi tarixiy titulga ega chiqdi va turnir davomida o‘zining iroda va mahoratini butun dunyoga namoyon etdi. Turkiya esa kuchli raqib sifatida so‘nggi daqiqalargacha kurashdi va ikkinchi o‘rin bilan cheklandi.
Shu bilan birga, 3-o‘rin uchun kechgan dramatik to‘qnashuv ham muxlislarni befarq qoldirmadi. Braziliya va Yaponiya terma jamoalari besh setlik bahsda g‘oliblik uchun maydonga tushdi. Natijada braziliyalik voleybolchilar 3:2 hisobida zafar qozonib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Partiya natijalari esa quyidagicha yakunlandi: 25:11, 25:17, 19:25, 27:29 va 18:16.
Ahamiyatli jihati, so‘nggi musobaqaning amaldagi chempioni bo‘lgan Serbiya bu safar 1/8 finaldan narigi bosqichga yo‘l ola olmadi. Ular niderlandiyaliklarga qarshi bahsda imkoniyatdan mahrum bo‘lib, turnirni erta tark etdi.
Ta’riflash mumkinki, Tailandda o‘tgan mazkur chempionat nafaqat ayollar voleyboli tarixida, balki butun sport dunyosi uchun esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!