Yurtimizda o‘tgan CAFA musobaqasining 3-turida O‘zbekiston va Qirg‘iziston milliy terma jamoalari to‘qnash kelgan o‘yin muxlislar uchun qiziq va shiddatli kechdi. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi boshlanishida esa kutilmagan holat yuz berdi — “Andijon” klubi va Qirg‘iziston termasi darvozaboni Erjan Tokotayev boshidan jarohat olib, majburiy tarzda maydonni tark etdi.
Muxlislar uning sog‘lig‘idan xavotirga tushgan bir paytda, “Andijon” klubi matbuot xizmati darvozabon bilan bog‘landi va u holati haqida so‘zlab berdi.
— Erjan, sog‘lig‘ingiz qanday? O‘zbekistonga qarshi bahsda jarohat olgan edingiz. Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
— Katta rahmat. Hozirgi vaqtda holatim ancha yaxshi. Tekshiruv natijalaridan keyin shifokorlar ortiqcha zo‘riqmasdan dam olishimni tavsiya qilishdi. Shishish pasayishi uchun biroz vaqt talab qilinadi. Shundan so‘ng mashg‘ulotlarga qayta boshlayman.
Darvozabon O‘zbekistonga qarshi kechgan uchrashuv taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi:
— O‘yinni yomon boshlaganimiz yo‘q. Birinchi taymda raqib faqat bir golli imkoniyatdan foydalandi, xolos. Undan tashqari jiddiy xavflar yarata olishmadi. Ikkinchi bo‘limda esa jarohat sabab o‘yinni davom ettira olmadim.
Suhbat davomida Erjan “Andijon”ning OCHL 2 turniridagi raqibi — “Arkadag‘” haqida ham fikr bildirdi:
— Turkmanistonning bu klubida tajribali va mahoratli futbolchilar jamlangan. Biz esa yoshroq jamoamiz. Lekin yuqori tempda o‘ynasak, yaxshi natijaga erishishimiz mumkin.
Shuningdek, u raqibning kuchli va kuchsiz jihatlariga ham to‘xtalib o‘tdi:
— Eng muhim tomoni, o‘z uslubimizni yo‘qotmasdan, tezkor o‘yin ko‘rsatishimiz zarur. Shunda bizda imkoniyat paydo bo‘ladi.
So‘nggi savolga javob berganida esa Tokotayev o‘z holati haqida qo‘shimcha qildi:
— Hozircha tinchgina dam olishim kerak. Lekin safga tezroq qaytish uchun barcha harakatlarni qilib turibman. Yaqin orada jamoaga qo‘shilish niyatim bor.
Erjan Tokotayevning tezroq sog‘ayib, maydonga qaytishi “Andijon” va Qirg‘iziston terma jamoasi muxlislari uchun shubhasiz muhim yangilik bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!