2026 yilgi Jahon chempionati Yevropa saralash bahslari doirasida Portugaliya terma jamoasi safarda Vengriyaga qarshi kuch sinashdi. Dramatik kechgan bellashuvda portugallar 3:2 hisobida zafar qozonishdi.
Uchrashuvning eng muhim paytida Krishtianu Ronaldu penaltidan aniq zarba yo‘llab, milliy jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Bu taniqli hujumchi uchun xalqaro miqyosdagi 141-gol bo‘lib, hozircha hech kimga tegishli bo‘lmagan mutlaq rekord sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari, 40 yoshli yulduz o‘zining umumiy professional faoliyatidagi rasmiy bahslarda 943-to‘pini kiritdi. Shunga ko‘ra, Ronaldu tarixda hech kimga nasib etmagan ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda. Uning 802 goli klublar miqyosida, qolgan 141 to‘pi esa Portugaliya terma jamoasi safida qayd etilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Krishtianu hozirgi sur’atda to‘p urishda davom etsa, rasmiy o‘yinlarda 1000 gollik marrani birinchi bo‘lib zabt etishi mumkin. Jahon futboli tarixida hozirgacha birorta ham futbolchi bu natijaga yeta olmagan.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu milliy jamoa safidagi yo‘lini 2003-yilda Qozog‘istonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida boshlagan. Uning terma jamoadagi ilk goli esa 2004 yilgi Yevropa chempionati davomida bo‘lajak chempion Gretsiya darvozasiga yo‘llangan edi.
Shu tariqa, Krishtianu Ronaldu yana bir bor futbol tarixida o‘z nomini yorqin harflar bilan bitib qo‘yishga harakat qilmoqda va uning yangi marralarga intilishi butun dunyo muxlislari uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!