Superliganing 21-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – OKMK (4:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Nima deyish mumkin, juda parokanda o‘yin ko‘rsatdik. Avvalo, o‘z muxlislarimizdan kechirim so‘rayman. “So‘g‘diyona”ni munosib g‘alaba bilan tabriklayman. Birinchi, uchinchi va to‘rtinchi gollarda go‘yo tajribasiz bolalardek xatoga yo‘l qo‘ydik. Shu bilan birga, raqib futbolchilarining mahorat darajasi ham hal qiluvchi omil bo‘ldi. Ayniqsa, Doriyev o‘z gollari orqali imkoniyatdan qanday unumli foydalanish mumkinligini namoyish qildi. Lekin aybni o‘zimizdan izlashimiz shart. Bu darajada oddiy xatolarni yo‘l qo‘ymasligimiz lozim edi. Bu holatlarni chuqur tahlil qilamiz. Hozir esa aniq ayta olamanki, himoyadagi uchta yirik xatoning oqibatida darvozamizda gollar ko‘rdik, – dedi Qosimov.
Shuningdek, murabbiy ikkinchi davrada jamoa o‘yinidagi pasayish haqida ham to‘xtaldi:
– Sabab – oddiy. Bunday xatolarni qilish mumkin emas. Imkoniyatlarni golga aylantirish kerak. Yigitlarda darvozamizga to‘p kiritilgandan keyin “qaytarib gol urib olamiz” degan ishonch paydo bo‘lgandek tuyuldi. Lekin futbol doim ham o‘zimiz o‘ylagandek kechmaydi, raqib ham bor. Masalan, hisob 3:1 bo‘lgan paytda Ali Abdurahmonov yoki Nodir Abdurazzoqov kabi futbolchilarda yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi. Lekin undan foydalanolmadik. Asosiy sabab mana shu.
Qosimov jamoa markazda yutqazgani haqidagi savolga esa shunday javob berdi:
– Yo‘q, birinchi taymda ham yaxshi hujumlarimiz bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda ular kamaydi, bu to‘g‘ri. Lekin biz oxirigacha kurashdik. Futbolning go‘zalligi shundaki, hamma narsa rejaga muvofiq kechavermaydi. Chunki maydonda raqib jamoa ham bor. “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvlar doim keskin va kurashlarga to‘la bo‘ladi. Bugun esa uchta juda oddiy vaziyatda darvozamiz ishg‘ol etildi.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab xatolarni bir o‘yinda qilish kelajak uchun tuzatish imkonini beradi:
– Balki, bir o‘yinda ko‘p xato qilganimiz ham yomon emasdir. Chunki aytishadi-ku, beshta o‘yinning barchasida bittadan xato qilib mag‘lub bo‘lganingdan ko‘ra, barchasini bitta o‘yinda qilish yaxshiroq. Biz ham, raqib ham ko‘pincha ochiq futbol o‘ynaymiz. Shu sabab ba’zan natija ham kutilganidek chiqmaydi, – dedi Qosimov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!