date

Anchelotti: Uslub murabbiyda emas, futbolchilarda yashaydi

Anchelotti: Uslub murabbiyda emas, futbolchilarda yashaydi

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelottining aytishicha, har qanday murabbiyning uslubi avvalo jamoadagi futbolchilar xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Uning fikricha, murabbiy qanchalik tajribali yoki bilimli bo‘lmasin, uslubni yaratadigan asosiy kuch — bu o‘yinchi shaxsiyati va imkoniyatlari.

– «France Football» nashriga bergan intervyungizda o‘zingizni «taktik jihatdan kuchli mutaxassis» deb atagansiz, ammo «Anchelotti uslubi yo‘q» degansiz. Uslub deganda nima nazarda tutiladi? — degan savolga mashhur murabbiy shunday javob qaytardi:

– Uslub murabbiyning o‘ziga bog‘liq emas. U jamoadagi ijrochilarga qarab shakllanadi. Masalan, Xosep Gvardiola o‘zining o‘yin uslubini Xavi, Iniyesta, Buskets va Messi kabi futbolchilar bilan barpo etdi. Agar unda boshqa o‘yinchilar bo‘lganida, ehtimol bunday uslub paydo bo‘lmagan bo‘lardi.

Anchelotti shuningdek Yurgen Kloppni misol keltirdi. Unga ko‘ra, Kloppning uslubi to‘liq intensivlik va bosimga asoslangan futbolga qurilgan, chunki u shunday xususiyatlarga ega tarkibka ega edi. — «Gvardiola Klopp futbolchilari bilan o‘z uslubini yarata olmagan bo‘lardi. Xuddi shuningdek, Klopp ham Xavi yoki Iniyesta bilan o‘sha bosimni qila olmagan bo‘lardi», — dedi u.

Anchelotti o‘zining «uslubi» haqida gapirar ekan, buni xotirjamlik bilan emas, balki odamlarni boshqarish qobiliyati bilan izohladi. — «Menda nafaqat futbolchilarni, balki insonlarni boshqarish salohiyati bor. Har qanday sohada ham masala insonlar bilan ishlashda. Agar sen odamlarni tinglay olsang va ularga ishonsang, eng yaxshi natijani ko‘rasan», — dedi murabbiy.

Braziliya terma jamoasi ustozi o‘zini diktator emas, balki tinchlikni qadrlaydigan oddiy inson sifatida ta’rifladi. — «Sen xotirjam bo‘lsang, odamlar sen uchun borini qiladi. Mana shu — eng katta ustunlik», — deya qo‘shimcha qildi Anchelotti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Paolo Maldini kabi buyuk futbolchilarning «Karlo bilan nafaqat futboldan, balki hayotdan ham zavq olganman» degan gaplari uning butun faoliyatiga berilgan eng to‘g‘ri baholardan biri hisoblanadi.

Shu tarzda Anchelotti yana bir bor murabbiylikda asosiy jihat — odamlar bilan ishlash va ularning kuchini to‘g‘ri yo‘naltirish ekanini urg‘ulab o‘tdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anchelotti: Uslub murabbiyda emas, futbolchilarda yashaydi