"Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va darvozabon Abduvohid Ne’matov ertangi “Al Ahli”ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.
Ro‘ziqul Berdiyev:
— Biz Osiyo Chempionlar Ligasi Elit musobaqasidamiz. Ertadan musobaqadagi yurishimizni boshlaymiz. Raqibimiz “Al Ahli” kuchli tarkib va katta salohiyatga ega jamoa. «Nasaf» uchun bu kabi turnirda qatnashish yangilik emas, biz ilgari ham “Al Ahli” darajasidagi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushganmiz. Jamoamiz har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishga qodir. Ertangi o‘yinga to‘liq tayyormiz, yigitlarning ham kayfiyati yaxshi. Albatta, ijobiy natija uchun bor kuchimizni safarbar qilamiz.
Abduvohid Ne’matov:
— Assalomu alaykum. Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, ertaga kuchli jamoaga qarshi maydonga chiqamiz. Bu bellashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Biz bir jamoa sifatida imkoniyatimizni ishga solib, muxlislarimizni xursand qilishga intilamiz.
— Ertaga musobaqaning amaldagi chempioniga qarshi o‘ynaysiz. Bu bellashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz?
— Yuqorida ham aytib o‘tdim, raqibimiz jiddiy jamoa — musobaqa chempioni. Yaqinda Saudiya Arabistoni Superkubogini ham qo‘lga kiritdi. Bu ularning kuchi va salohiyatidan dalolat beradi. Biz tayyorgarlik jarayonini shunga yarasha olib bordik. Ishonamanki, ertangi natija ham ijobiy bo‘ladi.
— Siz 12-yildan ortiq vaqt mobaynida jamoani boshqarib kelyapsiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning eng sovrindor jamoalaridan biri bo‘lib turibsizlar va bu musobaqada qanday natija maqsad qilgansizlar?
— Men jamoada 12-yildan beri murabbiylik qilayapman, ammo klub bilan 26-yildan beri birgaman. Dastlab futbolchi, keyin murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman. So‘nggi yillarda «Nasaf» katta o‘sishga erishdi va bundan keyin ham rivojlanish niyatida. O‘ylaymanki, jamoamiz to‘g‘ri tizim asosida shakllanmoqda. Bu men uchun eng muhim jihat. Jamoamiz OCHL Elit musobaqada ishtirok etayotganidan xursandmiz va bu ishtirokimiz muntazam bo‘lishiga ishonaman.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!