date

Jahongir Zokirov finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medalga ega chiqdi

Jahongir Zokirov finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medalga ega chiqdi

Angliyaning Liverpul shahrida o‘tayotgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati ham o‘zining so‘nggi bosqichiga yetib keldi. Turnirning eng og‘ir toifasi sanalgan +90 kg vaznda hamyurtimiz Jahongir Zokirov qozog‘istonlik Oybek Oralbayga qarshi hal qiluvchi jangga chiqdi.

Uchrashuv yuksak shiddat va murosasiz kurash ruhida kechdi. Har ikki sportchi ham g‘alaba uchun borini berdi, ammo yakunlovchi daqiqalarda omad raqibimiz tomonida bo‘ldi. Hisobda 3:2 natija qayd etildi va Jahongir Zokirov jahon chempionatini kumush medal bilan yakunladi.

Shu tariqa, Liverpuldagi katta musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi. O‘zbekiston boks terma jamoasi bu jahon chempionatida umumiy hisobda 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoaviy medallar saralashida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Birinchi pog‘onani esa 7 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan Qozog‘iston terma jamoasi o‘z nomiga yozdirdi. Bu natija ham qo‘shnilar, ham yurtimiz vakillari uchun jahon boks tarixida yorqin sahifa sifatida qayd etildi.

Shuningdek, milliy jamoamiz ushbu chempionatda yana bir bor o‘zining jahon elitasidagi kuchini namoyon etdi va kelgusi turnirlarda ham yuqori natijalar uchun asosiy da’vogarlardan biri ekanini isbotladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahongir Zokirov finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medalga ega chiqdi