date

Husayn Norchayev: “Al Ahli”ga qarshi o‘yin biz uchun dars bo‘ldi

Husayn Norchayev: “Al Ahli”ga qarshi o‘yin biz uchun dars bo‘ldi

OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan “Al Ahli” – “Nasaf” uchrashuvi qizg‘in va dramatik tarzda kechdi. Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan bellashuvda saudiyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Biroq mazkur bahsda dubl qayd etgan hujumchi Husayn Norchayevning o‘yini muxlislar diqqat markazida bo‘ldi.

“Nasaf” forvardi uchrashuvdan keyin saytimizga intervyu berib, o‘yin haqidagi fikrlarini ochiq bayon qildi:

— O‘yin biz uchun yaxshi boshlandi, ammo ikkinchi bo‘limda e’tiborni yo‘qotdik deb o‘ylayman. “Al Ahli” kuchli jamoa, ularning tarkibida juda mahoratli futbolchilar yig‘ilgan. Biz yo‘l qo‘ygan xatolarni darhol jazolashdi, — dedi Norchayev.

Hujumchi bahsda qayd etilgan qizil kartochka haqida ham to‘xtalib o‘tdi:

— Menimcha, vaziyat qizil kartochkaga arzimas edi. Ikki futbolchi shunchaki yelka bilan o‘ynashdi, buni maydonda ham ko‘rdik. Endi videoyozuv orqali yana bir bor ko‘rib chiqamiz, — dedi u.

Eng qizig‘i, Norchayevning ikkinchi goli jamoadoshlar va muxlislarda katta taassurot qoldirdi. U goldan so‘ng Ronaldu uslubida nishonlandi:

— Shunday desa ham bo‘ladi. Chunki Krishtianu Saudiya Arabistonida o‘ynayapti. Men esa hujumchiman, gol urib, jamoamga yordam berganimdan xursandman. Bu o‘yin biz uchun katta tajriba bo‘ladi. Keyingi bahslarda g‘alaba uchun yanada ko‘proq mehnat qilamiz, — deya ta’kidladi Norchayev.

Superligada chempionlik uchun kurash va OFK Elit Chempionlar ligasida munosib ishtirok etish haqida ham savol berildi. Hujumchi bu ikki frontda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirmasligini aytdi:

— Menimcha, bu salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki bunday kuchli raqiblarga qarshi o‘ynashning o‘zi yigitlarga katta motivatsiya va tajriba beradi. Har 4-5 kunda maydonga tushish katta mas’uliyat, ammo biz to‘liq tiklanib, har bir bahsga munosib tayyorgarlik ko‘rishimizga ishonchim komil, — dedi Norchayev.

Shu tariqa, “Nasaf” forvardi Husayn Norchayev dubli bilan nafaqat jamoasi sharafini himoya qildi, balki muxlislarga katta umid bag‘ishladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husayn Norchayev: “Al Ahli”ga qarshi o‘yin biz uchun dars bo‘ldi