date

The Athletic: Husanov Gvardiola muammosiga tayyor yechim bo‘ldi

The Athletic: Husanov Gvardiola muammosiga tayyor yechim bo‘ldi

Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turidan o‘rin olgan Manchester derbisi nafaqat hisob, balki o‘yin tahlili bilan ham e’tibor markazida qolmoqda. «Etixad»da 3:0 hisobida “Siti”ning yirik g‘alabasi bilan yakunlangan to‘qnashuvdan so‘ng turli nashrlar fikr bildirishdi. Nufuzli The Athletic esa o‘z tahlilini o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovga bag‘ishladi.

Nashr qayd etishicha, “Yunayted” yetakchisi Brunu Fernandesh uchrashuvda asosiy bosimni “Siti”ning o‘ng qanotiga qaratdi. Tajribali portugaliyalik pleymeyker raqibning eng nozik nuqtasi aynan o‘ng qanot himoyasi ekanini aniq bilardi. Bu bejiz emas edi. Chunki so‘nggi bahslarda ushbu pozitsiya muammoli bo‘lib kelayotgandi. “Tottenxem”ga 0:2 hisobida boy berilgan uchrashuvda Riko Lyuis bu pozitsiyada juda bo‘sh o‘ynadi. “Brayton”ga qarshi 1:2 hisobida yakunlangan bahsda o‘ng qanot himoyachisi Mateush Nunesh xatoga yo‘l qo‘yib, penaltiga sababchi bo‘ldi.

Kayl Uoker ketganidan keyin bu pozitsiya Xosep Gvardiolaning eng katta tashvishiga aylangan. O‘yinchilardan hech biri bu pozitsiyada ishonchli o‘ynay olmayapti. Ammo derbida bu vazifa Abduqodir Husanovga topshirildi. U asli markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, o‘ng qanotda qat’iyat va ishonch bilan harakat qildi.

Bir epizodda o‘zbek futbolchisi raqib Patrik Dorguga qarshi qo‘pol o‘ynadi va bu ochiq fol sifatida qayd etildi. Dorgu to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab olgunicha o‘zbek futbolchisi kamida 20 metrdan o‘qdek uchib keldi, raqibni yelkasiga urildi. Gvardiola ham bosh chayqashdan boshqa iloj topolmadi. Lekin bu Husanov butun o‘yin davomida yo‘l qo‘ygan birgina xato edi xolos.

Nega aynan mana shu epizod e’tibor tortyapti? Gap shundaki, asli markaziy himoyachi bo‘lgan va bu gal o‘ng qanotda o‘ynagan o‘zbek himoyachisi vaqtini nozik harakatlarga sarflamaydi. Uning futboldagi qoidasi shunday: to‘pni ko‘rdim, to‘pga hujum qildim va to‘pni oldim!

To‘g‘ri, Abduqodir qo‘pol o‘ynashi mumkin, lekin uning qat’iyati va ishga o‘zini bag‘ishlashi jamoaga qat’iy harakatlar yetishmayotgan hududda juda ishonchli va barqaror elementga aylanadi.

Derbida u bir necha bor o‘z vaqtida podkat tashlab, 12 ta himoyaviy harakatni muvaffaqiyatli yakunladi va yetti marta to‘pni boshi bilan uzoqlashtirdi. Bu raqamlar uning qay darajada samarali o‘ynaganini ko‘rsatib turibdi.

Husanov derbida qudratli figuraga aylandi. Qizig‘i, “Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Roy Kin mahalliy futbolchilarda shiddat yetishmasligini tanqid qilgan pallada Husanov Roy Kin kutgan o‘yinni namoyish qildi, ya’ni “qarshingda “qizillar”ni ko‘rdingmi, hammasini qulat”, qabilida o‘ynadi.

Aslida “shaharlik” fanatlar yanvarda “Lans”dan kelganidan beri endigina 13-uchrashuvini o‘tkazgan futbolchini aynan mana shunaqa keskin va shiddatli harakatlari uchun yaxshi ko‘rib qolgan.

“Manchester Siti”ga qarshi hujumlarda va yuqori chiziqli himoyani qo‘llashda tezlik yetishmasligi muammoga aylangan va bunday vaziyatda aynan tezkor Husanov Gvardiolaning asosiy quroliga aylanib bormoqda.

“Manchester Siti” yozda nega muammoli hudud – o‘ng qanot himoyasiga yangi ijrochi olmadi?

Klub bozorni o‘rganmoqda. Gvardiolaning har bir pozitsiyada o‘ynaydigan ijrochiga aniq talablari bor. Keladigan futbolchi top-darajada bo‘lishi kerak. Skautlar bir necha nomzodlarni taklif qildi. Asosiy nishon “Nyukasl”dagi Tino Livramento edi. Klub transferga urinib ko‘rdi, lekin rad javobini oldi.

Murabbiylar shtabi tarkibdagi boshqa futbolchilarni o‘ng qanot himoyasiga moslashtirishga harakat qilyapti. Yil boshida ular Mateush Nuneshdan qanot himoyachisini yasashga urinib ko‘rishdi. Keyin bu pozitsiyaga Riko Lyuis qo‘yildi. Lekin ikkisi ham ishonchni oqlagani yo‘q.

Shu bois, derbida o‘ng qanot Husanovga topshirildi. To‘g‘ri chiziqli himoya – Abduqodirning kuchli tomoni hisoblanadi. Uning tezligi baland, to‘p uchun kurashda aql bilan harakat qiladi. Zamonaviy APLda Husanovning xususiyatlari hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoa uchun ideal darajada qo‘l keladi.

Bundan tashqari, Gvardiola Husanovga uchrashuvlar davomida yaxshiroq ochilish, hujumga qo‘shilish kabi yangi va muhim fazilatlarni singdirib boryapti. To‘g‘ri, Husanov qanot himoyasida o‘ynab, Riko Lyuis singari maydon markaziga bormaydi yoki Mateush Nunesh darajasida qanotlardan muntazam hujumga o‘tib ketmaydi, ammo u orqa chiziqda bugungi kunda eng muhim narsa – ishonchli himoyani ta’minlab beradi.

Husanov himoya markazida zo‘r o‘ynaydi. “Brayton”ga qarshi bahsda jarohat olgunicha o‘z pozitsiyasini mustahkam qo‘riqladi. Ammo u zaxiraga olinganidan keyin “Siti” himoyasi sezilarli darajada sustlashdi. Endi Yoshko Gvardiolning safga qaytgani derbida Husanovga o‘ngga surilib o‘ynash imkonini berdi.

Abduqodir hali 21 yoshda bo‘lishiga qaramay, derbidagi o‘yini bilan katta taassurot qoldirdi. Uning Angliyagacha bo‘lgan yo‘li ham qiziqarli: “Bunyodkor”ning yoshlar tarkibidan Belarusning “Energetik-BGU”siga, u yerdan Fransiyaning “Lans” klubiga, va hozirda esa “Siti” safida maydonga tushmoqda.

“Real” va “Nyukasl” bilan raqobatda Husanovni qo‘lga kiritgan “Manchester Siti” boshida uni kelajak uchun transfer qilib, sekin-asta tarkibga qo‘shib borishni reja qilgandi. Vaziyat taqozosi bilan yosh himoyachi Angliyaga kelishi bilan katta sinovlarga ro‘baro‘ keldi.

Husanov jismoniy kuch-quvvatiga tayangan holda mag‘lubiyatli vaziyatlarning yetmish foizida holatni o‘z foydasiga o‘zgartirib yuborish qobiliyatiga ega. Uning bu xususiyati himoyada mustahkam poydevor o‘rnatishga harakat qilayotgan “Manchester Siti” uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

The Athletic tahlilchisi Jordan Kempbellning yozishicha, Husanov hozir “Siti” uchun muammoli bo‘lib turgan pozitsiyada eng ishonchli variantga aylanib bormoqda. Uning jismoniy kuchi, tezligi va maydondagi qat’iyati jamoaga xavfli vaziyatlarda katta yordam bermoqda.

Shu tariqa, Abduqodir Husanov endi nafaqat “Siti” muxlislarining sevimlisi, balki Xosep Gvardiola muammosiga tayyor yechim sifatida ko‘rila boshlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » The Athletic: Husanov Gvardiola muammosiga tayyor yechim bo‘ldi