
“Manchester Siti” so‘nggi ikki transfer oynasi davomida tarkibini keskin yangiladi. Bir qator tajribali o‘yinchilar klubni tark etar ekan, ularning o‘rnini ko‘plab yangi futbolchilar egalladi.
Shu bilan birga, Xosep Gvardiola tarkib bilan bog‘liq barcha muammolarni to‘liq bartaraf eta olgani yo‘q. Himoyadan to hujum chizig‘igacha ko‘plab yangiliklar kiritilgan bo‘lsa-da, jamoaning asosiy dardli nuqtasi himoyaning o‘ng qanoti bo‘lib qolmoqda.
Mavsum boshidan bu pozitsiyada Riko Lyuis, Mateush Nunesh va o‘zbek legioneri Abduqodir Husanov sinovdan o‘tdi. Ular orasida ishonchni oqlagan va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgani aynan Husanov bo‘ldi. Markaziy himoyachi sifatida tanilgan Abduqodir derbida “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘ng qanotni mustahkam yopdi va uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida baholandi.
Nufuzli cityxtra.co.uk nashri ekspertlari ham “Siti” tarkibidagi asosiy muammolar va yechimlar haqida so‘z yuritib, Gvardiolaning yosh himoyachi haqidagi fikrlariga to‘xtalib o‘tishdi. Ispaniyalik murabbiyning ta’kidlashicha, Husanovning universalligi va jismoniy tayyorgarligi yuqori baholansa-da, unga muntazam ravishda o‘ng qanotni ishonib topshirish qiyin vazifa.
“Biz har uch kunda o‘ynaymiz, bunaqa jadvalni hech bir futbolchi doimiy ko‘tara olmaydi. Husanov o‘z kuch-quvvati va tezligi bilan qanotni yopdi, juda ham yaxshi harakat qildi. Biroq bunday pozitsiyada faqat bitta o‘yinchiga suyanish xavfli”, – dedi Gvardiola.
Shu bilan birga, “Siti” yangi transfer oynasida tajribali o‘ng qanot himoyachilarini qo‘shish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Ayni paytda “Inter” futbolchisi Denzel Dyumfris va “Nyukasl”dan Tino Livramento nomzod sifatida tilga olinmoqda.
Shu bilan birga, Abduqodir Husanov klub uchun juda muhim shaxs bo‘lib qolmoqda. U himoya markazida ham, qanotlarda ham ishonchli o‘yin ko‘rsata oladi va tarkib rotatsiyasida katta ahamiyatga ega futbolchi sifatida qayd etilmoqda.
Muxlislar esa hozirning o‘zida o‘zbek legionerining kelgusi o‘yinlarda ham asosiy tarkibda chiqishini intiqlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!