"Barselona" bosh murabbiyi Hansi Flik oxirgi bayonotlarida jamoaga yangi qo‘shilgan hujumchi Markus Reshford transferi ortida uning shaxsan o‘zi turganini ochiqlashtirdi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, u yozgi transfer oynasida jamoa sport direktori Deku bilan muloqotda bo‘lib, aynan shu futbolchini olib kelishni qattiq talab qilgan.
“Yozda Dekuga murojaat qilib: ‘Menga Markus Reshfordga o‘xshagan futbolchi zarur. Iltimos, uni olib keling!’ degan edim. Va bugun u “Kamp Nou”da ekani men uchun katta xursandchilik”, — dedi Flik.
Tajribali murabbiyning aytishicha, Reshford transfer bozorida kamdan kam uchraydigan imkoniyat bo‘lgan va "Barselona" bunday imkoniyatdan unumli foydalanishi shart edi. “Men u bilan shaxsan suhbatlashdim va jamoada senga ishonch borligini aytdim. Bu uning uchun ham katta qadam, chunki yangi muhitda o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Markus Reshfordning "Barselona" safidagi ilk qadamlari muxlislarni hayratda qoldirdi. Chempionlar ligasining 1-turidan o‘rin olgan "Nyukasl"ga qarshi o‘yinda ingliz hujumchisi ikkita gol muallifiga aylanib, jamoasiga muhim g‘alaba taqdim etdi. Bu natija uning transferi to‘g‘ri qaror bo‘lganini yana bir bor tasdiqladi.
“Reshfordga ishonishimiz uning maydondagi harakatlarida ham ko‘rinib turibdi. U nafaqat gol uradi, balki jamoaviy o‘yinga ham katta hissa qo‘shmoqda. Bizda hozir juda kuchli hujum chizig‘i bor va u bu tizimda asosiy shaxslardan biriga aylanishi aniq”, — dedi Flik.
Futbol muxlislari ham ijtimoiy tarmoqlarda Reshfordning ilk o‘yinini yuqori baholab, uni “Barselona”ning yangi yulduzi sifatida tilga olishmoqda. Ta’kidlanishicha, hujumchi tezkorligi, maydondagi faolligi va gol urish qobiliyati bilan Ispaniyada ham o‘zini namoyish qilib, muxlislarning qalbini zabt etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Markus Reshford "Manchester Yunayted" tarbiyalanuvchisi bo‘lib, bu klub safida Yevropada eng iqtidorli hujumchilardan biri sifatida tanilgan. Undan kutilgan ishonchni endi "Barselona" safida ham oqlashi lozim.
Flikning ta’kidlashicha, Reshford transferi nafaqat jamoa taktikasi, balki klubning kelajak rejalari uchun ham muhim ahamiyatga ega. “Biz undan uzoq muddatli loyihamizda asosiy o‘rin tutishini kutmoqdamiz”, — deya so‘zini yakunladi bosh murabbiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!