"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ruben Amorim jamoa ichidagi tanqidlarga qaramasdan o‘z qarashlari va taktik yo‘nalishidan chekinmasligini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolda o‘z uslubiga ishongan murabbiygina natijaga erisha oladi.
“Meni hech kim taktikamni o‘zgartirishga majbur qila olmaydi. Hattoki Rim Papasi ham! Bu — mening ishim, har bir qaror uchun men javob beraman. Futbol — mening hayotim va uning markazida qat’iyat turadi. Biz hozir o‘zgarishlar jarayonidamiz. Har qanday islohot eng pastki bo‘g‘indan boshlanishi kerak. Agar bosim ostida o‘z yo‘limdan qaytsam, futbolchilarim menga qanday qarashadi? Ular ham ishonchini yo‘qotadi. Shuning uchun o‘z fikrimdan voz kechmayman”, — dedi Amorim matbuot anjumanida.
Portugaliyalik mutaxassisning bu gaplari jamoa atrofidagi muxlislar va ekspertlar orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar uning qat’iyatli pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar jamoaning so‘nggi natijalari murabbiydan yangi yo‘l topishni talab qilayotganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, "Manchester Yunayted" APLning dastlabki to‘rt turidan keyin atigi 4 ochko jamg‘ara oldi va turnir jadvalida 14-pog‘onada joylashgan. Klubning navbatdagi sinovi “Chelsi”ga qarshi kechadi va bu o‘yin jamoaning keyingi taqdiri uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!