Superliganing 22-turidan o‘rin olgan «Buxoro» – «Navbahor» uchrashuvidan keyin mezbonlar 5:0 hisobida yirik g‘alaba qozondi. Namangan klubi uchun esa bu yirik mag‘lubiyat ortidan katta tanqidlar va og‘ir mulohazalarni olib keldi. Uchrashuvdan so‘ng «Navbahor» bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida chiqish qildi va o‘z jamoasi haqida keskin fikrlar bildirdi.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi taymdagi o‘yin juda past darajada kechgan va jamoa himoyaga umuman e’tibor qaratmagan. «Agar himoyada javobgarlik bo‘lmasa, natija shunday bo‘ladi. Hattoki raqib yana bir necha gol urishi ham mumkin edi», — dedi u.
Lushchan klub ichidagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. U qarzdorlik va shartnomalar masalasi hali ham hal etilmaganini, ayrim futbolchilar esa jamoa uchun emas, balki jamoaga qarshi harakat qilayotganini ochiqchasiga aytib o‘tdi. «To‘g‘risini aytsam, bugungi o‘yindan keyin yarim jamoa uchun mavsum tugadi. Chunki ular o‘z klubi manfaatini emas, raqib manfaatini ko‘proq ko‘zlashdi», — deya ta’kidladi murabbiy.
OAV va jurnalistlarning savollariga javoban Lushchan «Buxoro»ning o‘yini haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, natijani raqibning kuchidan ko‘ra, «Navbahor»ning o‘ziga yarasha xatolari belgilab bergan. «Qanday qarshilik haqida gapiryapsiz? Biz o‘zimizga o‘zimiz beshta gol urib berdik. Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham bugun oltita gol urardi», — dedi u keskin lahjada.
Shu bilan birga, murabbiy jamoaning ichki muhitida jiddiy o‘zgarishlar zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, ikkinchi davra boshlanganidan beri ayrim o‘yinchilarning jamoa manfaatiga qarshi harakatlari kuzatilmoqda. Bu esa klub natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Navbahor»ning ayni paytdagi holati va Lushchanning ochiqchasiga bildirgan tanqidlari muxlislar orasida katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Endi klub rahbariyati va murabbiylar shtabi qanday chora ko‘radi — buni vaqt ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!