APL 5-turidan o‘rin olgan «Arsenal» — «Manchester Siti» bahsidan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis o‘yin natijasini tahlil qilishdan oldin jamoasining so‘nggi haftadagi yuklama va qiyinchiliklariga urg‘u qaratdi.
«Bu haftada sodir bo‘lgan voqealarni inobatga olmasdan turib, ushbu o‘yinni baholab bo‘lmaydi. Avval «Manchester Yunayted», keyin esa «Napoli»ga qarshi juda og‘ir bahslar o‘tkazdik. Shundan so‘ng Londonga kelib, yana yuqori darajadagi raqibga qarshi maydonga tushdik. Jamoamning bunday sharoitda matonat bilan harakat qilgani oldida shlyapamni yechaman», — dedi Gvardiola.
Uning fikricha, bahsdagi durang natijasi to‘liq mantiqiy bo‘ldi:
«Biz ayrim taktik o‘zgarishlar qildik, ammo bugun «Arsenal» bizdan yaxshiroq o‘ynadi. Shunga qaramay, natija o‘tgan mavsumdagidan ham, shuningdek, «Yunayted»ga qarshi o‘tgan haftadagi bahsdan ham yaxshiroq chiqdi. Shu sababli bugungi durang biz uchun qoniqarli hisoblanadi».
Murabbiy jamoada charchoq va jarohatlar soni ortib borayotganini ham ta’kidladi:
«"Napoli"ga qarshi o‘yin juda hissiyotlarga boy bo‘ldi. Keyin 4-5 soatlik safardan so‘ng Londonga yetib kelish oson emas. O‘yinlar orasida vaqt juda kam, futbolchilar charchoqni his qilmoqda. Shu bilan birga, bir necha asosiy o‘yinchi jarohat olgan, bu esa ishimizni yanada qiyinlashtirmoqda. Bugun ham Abduqodir Husanov to‘liq o‘yinni o‘tkaza olmadi».
Gvardiola so‘zlariga ko‘ra, jamoa oldida juda tig‘iz taqvim turibdi, ammo «Siti» har qanday sharoitda ham kuchli qolish uchun harakat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!