O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va to‘purari Eldor Shomurodov uzoq yillar Italiya chempionatida tajriba to‘plab, yangi mavsumdan Turkiya Superligasi sahifalarini ochdi. Uning harakatlari nafaqat mahalliy matbuot, balki Italiyadagi sobiq klubi bilan bog‘liq OAV e’tiboridan ham chetda qolmayapti.
Romaforever.it saytining yozishicha, Shomurodov «Jenoa», «Roma», «Spetsiya» va «Kalyari»dagi safaridan keyin «Istanbul Bashakshehir» safida ham o‘zini ko‘rsata boshladi. U UYEFA Konferensiyalar ligasi saralash turniridagi uchrashuvlar va chempionat bahslarida 11 marta maydonga tushib ulgurdi. Shu davr mobaynida o‘zbek hujumchisi «Beshiktosh»ga qarshi muhim gol urdi, ikki bor jamoadoshlariga golli uzatmalar berdi va muxlislarning ishonchini qozona oldi.
«Antalyaspor»ga qarshi bahsda u yana bir bor o‘zining muhim o‘yinchi ekanini ko‘rsatdi. Hisob tenglashtirilgan paytda Eldor darvozani ishg‘ol qildi, ammo VAR ofsayd qayd etgani sababli gol bekor qilindi. Shunga qaramay, hujumchining harakatlari mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Roma» o‘zbek legionerini bir mavsumga ijaraga bergan va shu uchun 3 million yevro olgan. Mavsum yakunida «Bashakshehir» yana 2,7 million yevro to‘lasa, transfer to‘liq amalga oshadi. Bu holda umumiy mablag‘ 5,7 million yevroga yetadi.
Avvalroq muzokaralar chog‘ida transfer narxi 7–8 million yevro atrofida baholangan, ammo keyinchalik italiyaliklar talabni pasaytirishga ko‘ndi. Shu bilan birga, agar kelishuv amalga oshsa, «Bashakshehir» Eldorning keyingi transferidan 10 foizini «Roma»ga berishi shart.
E’tiborlisi, Shomurodovning transferi rasman amalga oshsa, u klub tarixidagi eng qimmat o‘yinchilardan biriga aylanadi. Hozircha eng katta transfer Abbosbek Fayzullayevga tegishli — 21 yoshli futbolchi uchun «SSKA»ga 7,5 million yevro to‘langan va bu klub tarixida rekord sifatida qayd etilgan.
O‘zbek futboli uchun Turkiya Superligasida ikki yirik nomning bir jamoa safida to‘p surishi katta voqea bo‘ldi. Eldorning tajribasi va Abbosbekning yoshligidanoq porlayotgan mahoratlari «Bashakshehir»ning yangi mavsumdagi asosiy umidlaridan biriga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!