“Barselona”ning eng iste’dodli vakillaridan biri sanalgan Gavi uchun bu mavsum boshidanoq omadli kechmadi. Ispaniya matbuotining nufuzli nashri AS tarqatgan xabarga ko‘ra, 21 yoshli yarimhimoyachi tizzasidan olgan og‘ir jarohati sabab operatsiya qildirishga majbur bo‘ldi.
Jarrohlik amaliyoti paytida mutaxassislar futbolchining tizzasidagi holat kutilganidan ham og‘irroq ekaniga guvoh bo‘lishgan. Bu esa uning tiklanish jarayoni uzoq vaqt talab qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Gavi kamida 2026-yilning fevral oyigacha maydonga qayta olmaydi. Bu “Barselona” uchun juda katta yo‘qotish, chunki jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik yosh futbolchiga katta ishonch bildirgan, uning jamoadagi o‘rniga alohida e’tibor qaratgan edi. Germaniyalik murabbiy ushbu xabarni eshitib, qattiq hayajonga tushgani aytilayapti.
Eslatib o‘tish joiz, Gavi joriy mavsumni yaxshi boshlay olmadi. U avgust oyida jarohat olgan va shu kunga qadar faqat ikkita rasmiy uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi. Shu o‘yinlarda u bir marta assistent sifatida o‘zini ko‘rsatdi.
Yosh yarimhimoyachining jamoaga qaytishi hozircha noaniq, ammo “Barselona” uning tiklanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi aytilmoqda. Futbolchi muxlislari esa Gavining yana safga qaytib, o‘zining g‘ayratli o‘yini bilan jamoaga yordam berishini intizorlik bilan kutmoqda.
Bu holat “Barselona”ning mavsumdagi rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki Gavi klubning markaziy figuralaridan biri bo‘lib, uning maydondagi qat’iyatli harakatlari va kreativ o‘yini jamoaga ko‘p bora yordam berib kelayotgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!