date

UYEFA Isroil klublari va terma jamoasini turnirlardan chetlatmadi

UYEFA Isroil klublari va terma jamoasini turnirlardan chetlatmadi

24 sentyabr kuni Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi — UYEFA ijro qo‘mitasi yig‘ilishida Isroil milliy terma jamoasi va uning klublariga nisbatan ehtimoliy sanksiyalar masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilingan qarorga ko‘ra, Isroilga hozircha turnirlarda qatnashishni taqiqlovchi jazo choralari qo‘llanilmaydi. Bu haqda Isreal Hayom nashri xabar tarqatdi.

Yig‘ilishda Isroil terma jamoasining Jahon chempionati–2026 saralash bosqichidagi o‘yinlarida ishtirok etishi, shuningdek, «Makkabi Tel-Aviv» klubining Yevropa Ligasida Gretsiyaning «PAOK» jamoasiga qarshi bahsdan chetlatilishi mumkinligi masalasi ko‘tarilgan edi. Biroq qo‘mita a’zolari vaziyatga qaramay, ularning musobaqalarda ishtirokini davom ettirish haqida qaror qabul qildi.

Bu qaror Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar tobora kuchayib, jahon hamjamiyati tomonidan Isroilga nisbatan keskin tanqidlar va boykot chaqiriqlari ko‘payib borayotgan bir paytda qabul qilindi. Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari Isroilni inson huquqlari va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzganlikda ayblab, uni xalqaro turnirlardan zudlik bilan chetlatishga chaqirgan edi.

Shu bilan birga, UYEFA navbatdagi yig‘ilishini oktyabr oyiga belgilagan va vaziyat rivojiga qarab, hozirgi qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, UYEFA 2022-yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan so‘ng, Rossiya milliy terma jamoasi va klublarini barcha xalqaro musobaqalardan chetlatish haqida keskin qaror qabul qilgan edi. Shuning uchun Isroilga nisbatan qo‘llanilgan pozitsiya Yevropa futbol jamoatchiligida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu qaror nafaqat futbol maydonidagi raqobatni, balki sport orqali siyosiy vaziyatlarga ta’sir ko‘rsatish masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » UYEFA Isroil klublari va terma jamoasini turnirlardan chetlatmadi