date

Superligada 23-tur boshlanadi: chempionlik uchun keskin kurash

Superligada 23-tur boshlanadi: chempionlik uchun keskin kurash

Bugundan Superligada 23-tur uchrashuvlariga start beriladi. Besh kun davomida muxlislar qiziqarli va dramatik to‘qnashuvlarning guvohi bo‘lishadi. Chempionlik uchun olib borilayotgan kurashda turni "Nasaf" ochib bersa, "Neftchi" yakunlab beradi.

25-sentyabr

20:15. “Nasaf” – “Xorazm”

Qarshidagi bahsda mahalliy klub "Xorazm"ni qabul qiladi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari uchun natija eng ustuvor vazifa. Chunki sanoqli kunlardan keyin OCHL Elitda Saudiyaning mashhur grandi “Al-Hilol”ga qarshi o‘ta murakkab bellashuv kutmoqda. Shu sabab "Nasaf" bu safar ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishi va kuchini tejashi kutilyapti.

26-sentyabr

19:00. “Andijon” – OKMK

"Andijon" ham xalqaro maydonda ishtirok etmoqda. "Burgutlar" 1-oktyabr kuni Qatarning "Al-Ahli" klubini qabul qiladi. Ushbu bahs oldidan Maksim Shatskix jamoasi uchun ichki chempionatda ham g‘alaba juda muhim.

27-sentyabr

18:00. “Navbahor” – “Qizilqum”

"Navbahor"ning g‘alabasiz seriyasi davom etmoqda. Buxoroda 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat klubda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatdi. Bosh murabbiy Sergey Lushchan jamoa bilan emas, o‘rinbosarlar ustozi Sherzod Jo‘rayev shug‘ullantirayotgani haqida xabarlar bor. “Qizilqum”ga qarshi bahsda ham oson bo‘lmaydi.

28-sentyabr

17:30. “Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor”

Birinchi davradagi o‘yinda qo‘qonliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Keyingi turda esa “Bunyodkor” OKMKdan 5 ta gol qabul qilib oldi. Ilyos Zeytullayev bu safar o‘z muxlislarini xursand qilish uchun harakat qiladi.

29-sentyabr

19:00. “Dinamo” – “Sho‘rtan”

“Sho‘rtan” "Paxtakor"dan bir ochko olib sensatsiya ko‘rsatdi. Ammo ularning ligada qolish imkoniyati juda og‘ir. Samarqanddagi “Dinamo”ga qarshi bahsda yutishdan boshqa iloji yo‘q.

19:00. “Paxtakor” – “Surxon”

"Sherlar" o‘z uyida yosh va tezkor tarkibga ega "Surxon"ga qarshi bahs olib boradi. Mahorat jihatidan ustun bo‘lgan "Paxtakor" muxlislar oldida g‘alaba uchun maydonga tushadi.

30-sentyabr

19:00. “Mash’al” – “Buxoro”

Ikki qo‘shni jamoa to‘qnashuvi. Aleksandr Xomyakov sobiq klubiga qarshi maydonga tushadi. Imkoniyatlar teng va o‘yin taqdirini yagona gol hal qilishi mumkin.

19:00. “So‘g‘diyona” – “Neftchi”

Turning eng markaziy bahsi. Chempionlikka jiddiy da’vogar “Neftchi”ni Jizzaxda haqiqiy sinov kutyapti. Ivan Boshkovich shogirdlari jiddiy kuchayish orqali raqobatbardoshlikni oshirgan. Imkoniyatlar teng va muxlislar uchun dramatik bahs bo‘lishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada 23-tur boshlanadi: chempionlik uchun keskin kurash