Madridning mashhur “Real” klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso so‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalarida ko‘p muhokama qilinayotgan Vinisius Junior bilan bog‘liq vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi. Ayni paytda murabbiylar shtabi ishonchsizlikka duch kelayotgani haqidagi mish-mishlar fonida Alonso futbolchi haqida aniq va ochiq fikr bildirdi.
“Men uning harakatlaridan to‘liq mamnunman. Vinisius jamoa uchun asosiy va hal qiluvchi futbolchilardan biri bo‘lib qolishi shart. Uning kayfiyatini, his-tuyg‘ularini yaxshi tushunaman. Chunki men ham futbolchi bo‘lganman va o‘sha holatlarni boshdan kechirganman. Futbolchilarim bilan hamnafas bo‘lish men uchun qiyin emas, balki faxr”, – dedi Xabi Alonso.
Braziliyalik forvard maydonda o‘z qimmatini amalda isbotlab kelmoqda. So‘nggi turda “Levante” darvozasiga yo‘l topib, muhim gol muallifiga aylandi. Bu orqali u jamoaga qanchalar foyda keltira olishini yana bir bor namoyish etdi.
Joriy mavsum Vinisius Junior “Real” safida 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 marta to‘p kiritishga va yana 3 bor sheriklariga golli uzatma berishga muvaffaq bo‘ldi. Bu raqamlar uning barqaror formasini va jamoa uchun naqadar zarur o‘yinchi ekanini ko‘rsatmoqda.
Alonso va Vinisius atrofidagi bu gap-so‘zlar muxlislar orasida qizg‘in muhokamalarni kuchaytirgan bo‘lsa-da, bosh murabbiyning bu so‘zlari vaziyatga oydinlik kiritdi va ishqibozlarni xotirjam etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!