Bugun Superliganing 23-turidan o‘rin olgan juda qiziqarli bahsda «Andijon» o‘z maydonida OKMK jamoasini qabul qiladi. Bu uchrashuv nafaqat turning markaziy to‘qnashuvi sifatida, balki ikki mashhur murabbiy — Maksim Shatskix va Mirjalol Qosimovning navbatdagi dueli sifatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Futbolimizda o‘z nomini qoldirgan ikki afsona bugun murabbiy sifatida oltinchi marta o‘zaro kuch sinashadi. Ilgari o‘tkazilgan 5 uchrashuvda har ikkisida ham 2 tadan g‘alaba bor, yana 1 bahs durang bilan yakunlangan. Shuning uchun ham bugungi bellashuv ularning shaxsiy qarama-qarshiligida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, Maksim Shatskix avvalgi barcha besh to‘qnashuvda «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida ishtirok etgan edi. Endi esa u «Andijon» klubi ustozi sifatida ilk marta OKMKga qarshi maydonga tushadi. Mazkur holat bugungi bahsga yanada intriga va ahamiyat bag‘ishlaydi.
O‘z navbatida, Mirjalol Qosimov ham jamoasini yaxshi tayyorgarlik bilan maydonga olib chiqishni maqsad qilgan. Ikki mashhur murabbiyning o‘yin uslublari, tajribasi va taktik qarashlari bugun stadionda to‘planadigan muxlislar uchun alohida zavq bag‘ishlaydi.
«Andijon» va OKMKning bugungi to‘qnashuvi nafaqat tur ochkolari uchun kurash, balki Shatskix va Qosimov o‘rtasidagi shaxsiy duelda qaysi tomon ustun kelishini aniqlab beruvchi o‘yin sifatida ham muxlislar xotirasida qolishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!