date

"Manchester Siti" yarim himoyachisi Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkin

"Manchester Siti" yarim himoyachisi Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkin

“Manchester Siti”ning muhim yarim himoyachilaridan biri sanalgan Bernardu Silvaning katta ehtimol bilan jamoani tark etishi mumkinligi haqida “TalkSPORT” nashri orqali ma’lum qilindi.

Manba tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 31 yoshli portugaliyalik futbolchi kelasi yozdagi transfer oynasidan so‘ng Yevropani tark etib, Saudiya Arabistoni klublaridan birida faoliyatini davom ettirishni jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Unga katta qiziqish bildirgan klublar orasida “Al Ahli” va “Al Qodisiya” bor. Shu bilan birga, Krishtianu Ronaldu to‘p tepayotgan “Al Nassr” ham Silva xizmatidan foydalanishga qiziqish bildirmoqda.

Bernardu Silva 2024/25 yilgi mavsumda “Manchester Siti” safida 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 6 ta gol va 5 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi. Uning amaldagi shartnomasi 2026-yilning 30-iyuniga qadar davom etadi.

Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda Silvaning transfer qiymati 38 million yevroga baholanmoqda. Bu esa Saudiya klublari uchun katta sarmoya talab etishi mumkin bo‘lsa-da, ularning moliyaviy imkoniyatlari bunga yo‘l qo‘yishi ehtimoldan xoli emas.

“Siti” tarkibida jamoaviy va shaxsiy jihatdan katta yutuqlarga erishgan Bernardu Silva yangi chaqiriq izlayotgani aytilayotgani jamoa muxlislarini ham o‘yga solmoqda. Saudiya Arabistonidagi yirik loyihalar va yulduzlar yig‘indisi esa portugaliyalik futbolchining yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Manchester Siti" yarim himoyachisi Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkin