O‘zbekiston Milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bugun matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga atroflicha javob berdi va safardosh rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Kannavaro, avvalo, O‘zbekistonning mundialga chiqqani tarixiy yutuq ekanini ta’kidlab, Italiya hali yo‘llanma olmagani uchun afsus izhor etdi:
— Futbol faqat Yevropada emas, butun dunyoda, xususan Osiyoda shiddat bilan rivojlanyapti. Osiyo termalari saviyasi o‘sib borayotgani sabab Italiyaga qarshi o‘yin o‘tkazish “imkonsiz” emas. Bu yerda bolalar futboliga e’tibor kuchaygani va Milliy futbul markazi kabi infratuzilmalar tizimli rivojlanishga xizmat qilyapti, — dedi u.
U o‘zini futbolning “odamchasi” sifatida ham ta’rifladi:
— Sakkiz yoshimdan beri futboldaman, men bilgan yagona soha — shu. Vaqt o‘tishi bilan milliy jamoa ham, men ham yanada rivojlanishimizga ishonaman.
Italiyalik mutaxassis bir oy avval Toshkentga kelganidayoq ishlashga tayyor ekanini hazilomuz qayd etganini eslatdi:
— Bir oy avval bu yerga tashrif buyurdim. O‘shanda hazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. O‘shandayoq tarkibni kuzatganman, endi mashg‘ulotlarda batafsil baholayman. Bugun futbolchilar bilan uchrashdik — oralarida italyancha gapiradiganlar ham bor. Murabbiy–futbolchi muloqoti — eng muhim jihat. Timur Kapadze bilan chaqirilganlar yuzasidan gaplashdik. Shtabda mahalliy mutaxassislarning bo‘lishi tarafdoriman — mentalitet va madaniyatni tezroq anglashga bu katta yordam beradi. Shu bois Ravshan Ermatovdan ham bu masalada qo‘llov so‘raganman.
Kannavaro Superliga o‘yinlarini doimiy kuzatishini aytdi:
— Futbolchini maydonda ko‘rish — eng xolis mezon. Shuning uchun ichki chempionatni diqqat bilan tahlil qilaman.
U O‘zbekistonda uzoqroq bo‘lish niyatini ham yashirmadi:
— Juda ko‘p chemodan bilan keldim, hatto velosipedimni ham olib keldim. Odamlar orasida bo‘lishni yaxshi ko‘raman, ishtiyoq katta. Yoshlar va o‘smirlar termalarini ham doimiy ko‘zdan kechiraman — bu biz uchun strategik zaxira.
Matbuot anjumani yakunida Kannavaro milliy jamoa oldidagi asosiy vazifa — intensivlikni oshirish, jismoniy va taktik barqarorlikni mustahkamlash ekanini qo‘shimcha qildi. Muruvvat va qat’iyat uyg‘unligida ish olib borishga va’da bergan mutaxassis muxlislarga ham minnatdorlik bildirdi: «Sizlarning ishonchingiz — biz uchun quvvat».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar