“Bavariya”ning to‘purari Xarri Keyn karerasidagi eng katta maqsadlarning biri sifatida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishni ta’kidladi. Uning aytishicha, bu mukofot shaxsiy yutuqdek ko‘rinsa-da, amalda butun jamoaning mehnati samarasidir — odatda u Chempionlar ligasi yoxud Jahon chempionatida zafar quchgan klub yoki termaning eng ko‘zga ko‘ringan o‘yinchisiga nasib qiladi.
Keynga ko‘ra, bu sovringa ega chiqish bir vaqtning o‘zida ham individual, ham jamoaviy frontda ajoyib natijalarga erishilganini anglatadi: “Agar buni olsam, deyarli mukammal mavsum bo‘ladi”, — deya qayd etdi angliyalik hujumchi.
Hujumchi joriy mavsum Bundesligada olti o‘yinda 11 ta gol urib, yana 3 marta golli uzatma berdi. Shu holatning o‘zi Keynning hozirgi shiddatini, raqib darvozalari uchun doimiy xavf ekanini va “Bavariya”ni yuqori maqsadlarga yetaklay olishini ko‘rsatib turibdi.
Keyn va myunxenliklar uchun asosiy o‘lchov — katta sahnadagi titullar. Shunday ekan, forvard o‘z rekordlari, jamoa esa kuboklar ortidan quvib, mavsumni yuksak nuqtada yakunlashga intilmoqda. Muxlislar uchun esa savol bitta: ushbu jamoaviy marsh “Oltin to‘p” yo‘liga qadar yeta oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!