O‘zbekiston terma jamoasi yangi ustozi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Italyan mutaxassis har bir bahsni jiddiy tayyorgarlik va maksimal diqqat talab etuvchi “sinov” sifatida ko‘rishini ta’kidladi: hatto o‘rtoqlik o‘yinlarida ham tayyor bo‘lmagan holda maydonga tushish mumkin emas.
Kannavaro Kuvaytga qarshi bahs oldidan tarkib masalasiga oydinlik kiritdi: ikki o‘yin uchun chaqirilgan futbolchilardan unumli foydalaniladi, jamoa Toshkentga ikki kun oldin kelgan va o‘yinchilardan yuz foiz qayishmas mehnat kutilmoqda. U hujumni butun bahs davomida “qizil chiziq” qilmasligini, ammo tashabbuskor va hujumkor uslub namoyish etishga intilishini aytdi.
Asosiy tarkib tanlashda Timur Kapadze va butun shtab bilan maslahatlashuv davom etadi. Kannavaro bugun kechqurun ham o‘yinchilar bilan alohida suhbatlar o‘tkazishini, maydondagi vazifalarni yanada aniqlashtirishini qayd etdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlar tufayli yo‘qotishlar bor, shu bois Aziz Turg‘unboyev va Umar Eshmurodov qo‘shimcha ravishda yig‘inga jalb etildi. Rasmiy ro‘yxatdagi o‘zgarishlar O‘FA tomonidan e’lon qilinadi. Kannavaro mahalliy murabbiylar bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi: Kapadze hozirda shtabda yordam bermoqda va ehtimol yana bir mahalliy mutaxassis qo‘shiladi.
Taktika masalasida u raqamlardan ko‘ra o‘zaro anglashuvni ustun qo‘yadi: “Uch markaziy himoyachi bilan o‘yin tashqi ko‘rinishida himoyaviydek tuyulishi mumkin, ammo u tezkor hujumni boshlashga xizmat qiladi. Men uchun eng muhimi — maydondagi 11 nafar futbolchi bir-birini mukammal tushunishidir”. Kannavaro futbolchilik davridagi usta murabbiylardan olgan saboqlari jamoa o‘yiniga tatbiq etilishini qo‘shimcha qildi.
Kuvaytga qarshi o‘yin ertaga “Olimpiya” stadionida start oladi. Kannavaro va shogirdlarida maqsad aniq: muxlislar oldida qat’iyat, intizom va tashabbus bilan o‘ynab, ishonch uyg‘otadigan o‘yin ko‘rsatish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar