O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Kuvaytga qarshi 2:0 hisobidagi o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng muxlislar kutayotgan fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi debyut g‘alaba — yaxshi signal, endi esa jamoa qadamba-qadam yangi talab va uslubga moslashib boradi.
Shomurodov aytishicha, Kannavaro bilan hozircha bor-yo‘g‘i ikki kunlik mashg‘ulot o‘tkazilgani sabab katta o‘zgarishlar uchun vaqt kerak. «Har o‘yinda oz-ozdan yangilik qo‘shib boramiz, maqsad — to‘pni xo‘jayindek nazorat qilish va aql bilan o‘ynash», dedi sardor.
Eldor murabbiy bilan kommunikatsiya masalasini ham ochiqladi: «Italyanchada gaplashdik. Kerak bo‘lsa, futbolchilar bilan muloqotda Fabioga yordam berishga doim tayyorman», — deya ta’kidladi u.
Kelgusi sinov — jahon elitasidan biriga qarshi. Jamoa Malayziyaga sakkiz soatlik parvozdan so‘ng Urugvayga qarshi maydonga tushadi. «Oson bo‘lmaydi. Lekin biz ham mundialga chiqqan jamoamiz. Mos ravishda munosib o‘yin ko‘rsatishimiz shart», — dedi hujumchi.
Sardor Abbosbek Fayzullayevning holati haqida ham to‘xtalib o‘tdi: tekshiruvlar ketyapti, umid shundayki, jarohat jiddiy emas.
Eslatib o‘tamiz, Urugvay — O‘zbekiston o‘yini 13-oktyabr kuni Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tadi. Yangi shtab bilan ilk qadam bosildi — endilikda asosiy imtihonlar oldinda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar