Saudiya Arabistonidagi yetakchi jamoalardan biri — “Al Ahli” “Real Madrid”ning yulduz hujumchisi Vinisius Juniorni qo‘lga kiritish uchun jiddiy muzokaralarni boshladi. Bu haqda Indykaila News nashri ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, saudiyaliklar braziliyalik forvard uchun ulkan — 300 million funt sterling atrofidagi taklifni tayyorlamoqda. Ammo bu kelishuv faqat Vinisius “Real” tomonidan taklif etilgan yangi shartnomani rad etgan taqdirda amalga oshadi.
Ayni paytda madridliklar hujumchi bilan shartnomani uzaytirish masalasida ish olib bormoqda. Uning amaldagi kelishuvi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, futbolchi “qirollik klubi”dagi asosiy yetakchilardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, “Al Ahli”ning rejasiga ko‘ra, ehtimoliy transfer yozgi oylarda amalga oshishi mumkin. Saudiya klubi so‘nggi ikki yilda Yevropaning yetakchi futbolchilarini jalb etish bilan o‘z chempionati nufuzini oshirmoqda — endi ularning navbatdagi “katta o‘ljasi” Vinisius bo‘lishi mumkin.
Futbol tahlilchilari bu ehtimolni juda katta deb baholamoqda — birinchidan, saudiyaliklar uchun pul muammo emas, ikkinchidan esa, Vinisius uchun arab ligasi katta maosh va yangi sinovni anglatadi.
Shu bilan birga, “Real” jamoasi bu transferni amalga oshirishga shoshilmayapti — klub uning o‘rnini bosadigan futbolchini topmasdan hujumchini sotish niyatida emas.
Vinisius Juniorning kelajagi haqidagi qaror yozda ma’lum bo‘ladi, deb yozadi Indykaila News.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!