Tunda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati–2026 saralash bahslaridan so‘ng Saudiya Arabistoni terma jamoasi navbatdagi mundial yo‘llanmasini rasmiy tarzda qo‘lga kiritdi. Jidda shahrida Iroq bilan kechgan bahs 0:0 hisobi bilan yakunlandi, biroq ushbu natija saudiya futbolchilari uchun saralashdan chiqish yo‘lini ta’minlash uchun yetarli bo‘ldi.
Bu muhim natija uchun Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi terma jamoa a’zolarini katta miqdorda rag‘batlantirishni ma’qulladi. Har bir futbolchiga 1,2 million yevrodan mukofot puli beriladi. Bu miqdor Osiyo futboli tarixidagi eng yirik mukofotlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda Osiyo futbolining yetakchi kuchlaridan biriga aylangan. Ularning mundialga yo‘llanmasi jamoaning barqaror o‘yini va samarali tizimi natijasi sifatida baholanmoqda.
Shu tariqa, Saudiya terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqishni kafolatlab, Osiyodan yo‘llanma olgan sakkizta jamoadan biriga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistonidan tashqari, O‘zbekiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Avstraliya, Iordaniya, Eron va Qatar terma jamoalari ham mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, BAA va Iroq terma jamoalari pley-off bosqichida ishtirok etib, kelasi yilgi Jahon chempionatiga chiqish uchun so‘nggi imkoniyatga ega bo‘ladi.
Saudiya futbolining bu yutug‘i mamlakatda sport sohasiga bo‘lgan katta e’tibor va sarmoyaning amaliy natijasi sifatida qaralmoqda. Endi ular mundialga tayyorgarlik jarayonini boshlashmoqda va kelasi yilda yuqori natijalar qayd etishni maqsad qilishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!