date

Kannavaro shtabi: Italiyalik mutaxassislar O‘zbekiston bilan bir safda

Kannavaro shtabi: Italiyalik mutaxassislar O‘zbekiston bilan bir safda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z ishini xalqaro darajadagi professionallar bilan birga olib bormoqda. Italiyalik mutaxassis o‘zining ishonchli va tajribali murabbiylar shtabi bilan milliy jamoa salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Har bir a’zo o‘z sohasida ulkan tajribaga ega va jamoaga yangi g‘oyalar, zamonaviy yondashuv hamda Yevropa standartidagi ish uslubini olib kirmoqda.

Eujenio Albarella — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy

1965-yilda Italiyaning Neapol shahrida tavallud topgan Eujenio Albarella futbol olamida yuqori malakali fitnes mutaxassisi sifatida tanilgan. 2010-yilda u Italiyaning “Yuventus” klubida ish boshlagan, bir yil o‘tib esa mashhur murabbiy Alberto Zakkeroni rahbarligida Yaponiya terma jamoasi bilan Osiyo kubogini qo‘lga kiritgan.

2016-yilda u Xitoyning “Beyjing Goan” klubida ishlagan, aynan o‘sha paytda o‘zbekistonlik himoyachi Yegor Krimes ham jamoa sharafini himoya qilgan. Keyinchalik Albarella Fabio Kannavaro bilan birga “Udineze” hamda “Dinamo Zagreb” klublarida faoliyat yuritgan. Uning sog‘lom tayyorgarlik metodikasi Yevropada yuqori baholanadi.

Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi

1970-yil 30-iyunda Italiyaning Bari shahrida tug‘ilgan Antonio Kimenti — sobiq professional darvozabon. U “Roma”, “Lechche”, “Kalyari”, “Udineze” va “Yuventus” kabi klublarda to‘p surgan. “Yuventus”da u afsonaviy Janluiji Buffonning ortida ikkinchi raqamli kiper sifatida tanilgan.

Murabbiylik faoliyatini u “Yuventus” yoshlar jamoasidan boshlab, keyin “SPAL”, “Sampdoriya” va Italiya U-21 terma jamoasida ishlagan. Kimenti nafaqat tajribali murabbiy, balki yosh darvozabonlarni ruhiy va taktik jihatdan yetishtirishda katta salohiyatga ega mutaxassis sifatida tan olingan.

Franchesko Troyze — Kannavaroning yordamchisi

1972-yil 5-fevralda Neapolda tug‘ilgan Franchesko Troyze UYEFAning A toifali litsenziyasiga ega bo‘lib, 2013-yildan buyon xalqaro klublarda faoliyat yuritib keladi. Futbolchilik faoliyatini “Napoli” yoshlar jamoasidan boshlagan Troyze keyinchalik “Kazele” va “Potensa” klublarida to‘p surgan.

Murabbiylik karerasini u Juzeppe Sannino yonida “Kevo” va “Uotford” jamoalarida boshlagan, keyin “Kataniya”, “An-Nasr”, “Guanjou Evergrand”, “Benevento”, “Udineze” hamda “Dinamo Zagreb” klublarida faoliyat ko‘rsatgan. Troyze 2016-yildan buyon Fabio Kannavaro bilan bir shtabda ishlab kelmoqda — bu ikkilik jamoa ichidagi uyg‘unlik va tizimli ish uslubi bilan ajralib turadi.

Bugun Kannavaro boshchiligidagi milliy jamoa nafaqat o‘yin uslubini, balki tayyorgarlik madaniyatini ham tubdan yangilamoqda. Italiyalik mutaxassislar tajribasi va professional yondashuvi orqali O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro maydonda raqobatbardosh jamoaga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kannavaro shtabi: Italiyalik mutaxassislar O‘zbekiston bilan bir safda