date

“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi: “Jamoa kuchini ko‘rsatdi, hali yuqoriga intilamiz”

“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi: “Jamoa kuchini ko‘rsatdi, hali yuqoriga intilamiz”

Superliganing 25-turida bo‘lib o‘tgan “So‘g‘diyona” – “Surxon” (2:1) bahsi jizzaxliklar g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvdan so‘ng “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich jurnalistlar bilan suhbatda jamoa o‘yini va futbolchilarning kayfiyati haqida fikr bildirdi.

“O‘yin natijasidan ham, sifati jihatidan ham to‘liq mamnunman deb ayta olmayman,” — dedi Boshkovich. — “Birinchi bo‘limda raqibni butunlay nazorat qildik, ikkita gol urdik, yana bir necha imkoniyatlar yaratdik. Ikkinchi bo‘limda raqib ochiq futbol o‘ynashini kutgandik va buni ko‘rdik. Biz ham bir necha bor uchinchi gol urish imkoniga ega bo‘ldik. Ammo so‘nggi daqiqalarda xato qilib, hisob qisqardi.”

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, jamoa bir kishi kam bo‘lsa ham intizomli harakat qilgan:
“Himoyadagi o‘yinchilar raqibni yaxshi to‘sdi. Futbolda xatolar bo‘ladi, hatto darvozabon ham xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo umumiy olganda jamoa o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Balki sovrinli o‘rinlar uchun kurashish qiyin bo‘lar, lekin men futbolchilarga darajani saqlash va o‘zlarini hurmat qilish lozimligini aytdim.”

Boshkovich yosh darvozabon Shohruh Isoqov haqida ham fikr bildirdi:
“U ikki yildan beri biz bilan ishlayapti. Sifatli darvozabon. O‘tgan bahsda ham ishonchni oqladi. Hozirda u Milan Mitrovich va Muhammadusub Sobirov kabi raqobatchilarga qaramay, asosiy tarkibdan joy oldi. Kelajagi porloq,” — dedi murabbiy.

Boshkovich himoyachilarning markazdagi o‘yinini ham alohida ta’kidladi:
“Biz raqibning burchak zarbalari va qanotdan uzatmalariga tayyor edik. Rahmonov, Qobilov va Ivanovich havodagi kurashlarda ustunlik qildi. Qizil kartochkadan keyin raqibning faolligi ortdi, lekin biz raqibni qanotlarga siqib, markazni yopdik. Faqat darvozabon xatosi bor, qolgan hammasi yaxshi bajarildi.”

Lyupcho Dorievning to‘purarlik poygasidagi ishtirokini ham murabbiy quyidagicha baholadi:
“Futbolchi mavsum to‘purari bo‘lsa, bu yoqimli. Lekin u jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Men ham hujumchi bo‘lganman va bilaman: bosim bo‘lsa, gol urish qiyin. Shu sababli u faqat o‘yinga e’tibor bersin. Hali oldinda 5 ta bahs bor, ularda 15 ochko olishga harakat qilamiz.”

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, “So‘g‘diyona” hali ham mavsumni munosib yakunlash niyatida:
“Yomon boshlangan mavsumni oxirida yaxshilay olyapmiz. Kubokda imkoniyatni qo‘ldan chiqardik, lekin hozir faqat kelajak haqida o‘ylash kerak. Bizda kuchli futbolchilar bor, ular sifatli o‘yin ko‘rsata oladi. Taslim bo‘lmaymiz — faqat oldinga harakatlanamiz,” — dedi Boshkovich.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi: “Jamoa kuchini ko‘rsatdi, hali yuqoriga intilamiz”