Samarqandda “Dinamo” va “Buxoro” jamoalari o‘rtasidagi bahs shiddatli va his-tuyg‘ularga boy kechdi. Superliganing 25-turidan o‘rin olgan uchrashuvda samarqandliklar 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng “Buxoro” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“O‘yin haqiqatan ham hayajonli bo‘ldi. Nazarimda, ‘Dinamo’ga bugun ochko juda zarur edi — bu ularning maydondagi harakatlarida ham yaqqol ko‘rindi. Biz yomon boshlamadik, lekin ikkinchi bo‘limda o‘yinni yo‘qotib qo‘ydik. Raqib agressiv tarzda harakat qildi va bizga jiddiy bosim o‘tkazdi. Qaysidir pallada ulgurmadiq, qaysidir pallada esa o‘zimizni yo‘qotdik. Ular jarima zarbasini go‘zal uslubda amalga oshirishdi. Baribir, raqibni g‘alaba bilan tabriklayman”, — dedi murabbiy.
Xomyakovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa hozir muhim bosqichda turibdi — oldindagi Kubok finali hamda chempionatning hal qiluvchi turlari juda katta ahamiyatga ega:
“Hozir har bir bahs biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Albatta, Kubokni o‘ylayapmiz, lekin Superligadagi kurashni ham unutib bo‘lmaydi. Jadvalning past qismida jiddiy raqobat bor va hech kim dekabrda bo‘ladigan pley-offda ishtirok etishni xohlamaydi. Final oldidan ‘So‘g‘diyona’ bilan o‘yin bor — hozirgi asosiy diqqat shu bahsda bo‘lishi kerak.”
Murabbiy jamoaning ikkinchi bo‘limdagi kamchiliklariga ham to‘xtalib o‘tdi:
“Birinchi bo‘limda hisobda oldinda edik, lekin hujumda o‘yinni davom ettira olmadik. Butun bahsni himoyada o‘tkazish oson emas. Qarshi hujumlardan foydalanmoqchi bo‘ldik, ammo samarasiz chiqdi. Ayrim holatlarda harakatlarimiz kelishmadi. ‘Dinamo’ medallar uchun kurashyapti va bu ularning ishtiyoqida yaqqol sezildi.”
“Buxoro” uchun oldindagi bahslar muhim sinov bo‘ladi — bir tomonda Kubok finali orqali OChL yo‘llanmasi imkoniyati, ikkinchi tomonda esa Superligada qolish uchun keskin kurash turibdi. Xomyakov va uning shogirdlari esa har ikki frontda ham maksimal natijaga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!