“Manchester Siti”ning qudratli hujumchisi Erling Holand yana muxlislarni "lol" qoldirdi. “Etixad”da bo‘lib o‘tgan Angliya Premer-ligasi 8-tur bahsida “shaharliklar” “Everton”ni 2:0 hisobida yengdi va har ikki golni aynan Holand urdi. Bu natija uning statistikasini yanada ta’sirchan ko‘rinishga keltirdi.
25 yoshli norvegiyalik forvard joriy mavsumda APLdagi ilk 8 uchrashuvda 11 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu ko‘rsatkich bilan u ligadagi 11 ta jamoadan ham ko‘proq to‘p kiritgan holatda turibdi.
Hozirgi kunda Holandning hisobida “Sanderlend”, “Everton”, “Brentford” va “Byornli” singari klublardan ham ko‘proq gollar bor — ular har biri bor-yo‘g‘i 9 tadan to‘p kirita olgan. Shuningdek, “Fulhem” (8 gol), “Aston Villa” (8), “Nyukasl” (7), “Lids” (7), “Vest Hem” (6), “Nottingem Forest” (5) va “Vulverxempton” (5) kabi jamoalar ham Holanddan orqada qolmoqda.
Shu bilan birga, “Manchester Siti” ham Premer-ligada eng hujumkor jamoa bo‘lib qolmoqda — “shaharliklar” 8 o‘yinda 17 ta gol urgan. Ulardan keyin “Chelsi” 16 ta va “Arsenal” 15 ta to‘p bilan joylashgan.
Holandning bu mavsumdagi gol urish tempi jamoa muxlislarini ham hayratga solmoqda. Uning so‘nggi formasi jamoaning chempionlik poygasida yana yetakchilikni saqlab qolishiga ishonch uyg‘otmoqda.
Shubhasiz, norvegiyalik hujumchi hozirgi zamon futbolidagi eng xavfli va samarali to‘purarlardan biri sifatida yana bir bor o‘z so‘zini aytdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!