date

Antonio Konte: Keyingi safar qamchi bilan chiqaman maydonga

Antonio Konte: Keyingi safar qamchi bilan chiqaman maydonga

Yevropa Chempionlar ligasining 3-tur bahsi “Napoli” uchun juda og‘ir kechdi. Neapolliklar safarda Gollandiyaning “PSV” jamoasiga qarshi bellashuvda 2:6 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Antonio Konte matbuotga bergan intervyusida o‘yin haqida tanqidiy va biroz kinoyali fikrlarini bildirdi, deb xabar berdi Sky Sport.

“Yutqazsang hammasi yomon, yutsang hammasi yaxshi. Hamma to‘rt nafar yarimhimoyachi bilan o‘ynash qarorimizni maqtagan edi. Biz ularga birgalikda harakat qilish imkonini berdik, lekin ikkita hujumkor qanot o‘yinchisi bilan jamoada muvozanatni saqlash juda qiyin. Menimcha, to‘rt yarimhimoyachidan birini qurbon qilish to‘g‘ri qaror bo‘lmasdi”, — dedi Konte.

U shunday qo‘shimcha qildi: “Bugun ancha sokin bo‘ldim. Ammo keyingi safar qamchi olib chiqaman — xuddi arslonboqar singari. Chunki ba’zan shundan boshqasi ta’sir qilmaydi.”

Italiyalik mutaxassis jamoa ichidagi ruhiy muhit haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumda futbolchilar o‘rtasida birdamlik va jamoaviy ruh kuchli bo‘lgan, hozir esa yangi kelganlar shunga moslashishi kerak. “Jamoada shaxsiy yoki egoistik maqsadlar bo‘lmasligi kerak. Har kim bir g‘oya atrofida birlashishi shart”, — dedi Konte.

Tahlilchilarning fikricha, “Napoli”ning bu mag‘lubiyati taktik kamchiliklar bilan birga, jamoaviy ishonch yetishmasligi bilan ham bog‘liq. Konte esa bu holatni o‘zgartirish uchun shogirdlaridan qattiq intizom va mas’uliyat talab qilish niyatida.

Ma’lumot uchun, “Napoli” Chempionlar ligasi jadvalida 3-turdan so‘ng 3 ochko bilan 22-o‘rinda joylashgan. Jamoa keyingi turda o‘z maydonida muhim bahsni o‘tkazishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Antonio Konte: Keyingi safar qamchi bilan chiqaman maydonga