O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida klublar tomonidan moliyaviy majburiyatlarni bajarish holati atroflicha tahlil qilindi. Assotsiatsiyaning Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi oldinroq qabul qilgan qarorlar ijrosi yuzasidan olib borilgan tekshiruvda bir qator klublarda jiddiy kamchiliklar mavjudligi aniqlangan, deb xabar berdi ufa.uz.
Ma’lum qilinishicha, “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqo‘rg‘on-1977” va “TerDU” futbol klublari o‘zlariga yuklatilgan moliyaviy majburiyatlarni to‘liq bajarmagan. Ularga berilgan muddat tugaganiga qaramay, qarzdorliklar qismangina yopilgan yoki umuman bartaraf etilmagan.
Jumladan, “Navbahor lochinlari” jamoasi bir qator futbolchilar — Jamshid Iskanderov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev va murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzini hali to‘liq yopmagan. “Neftchi”da ham o‘xshash holat: Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov va Shohruh Gadoyev oldidagi majburiyatlar bajarilmagan.
“Andijon” klubi esa “Paxtakor” va “Bunyodkor” oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyalari va transfer to‘lovlarini kechiktirgan. Shu bilan birga, “Xorazm” va “Buxoro” ham “Paxtakor” oldidagi moliyaviy qarzlarni hali to‘liq to‘lamagani ma’lum bo‘ldi. “Qumqo‘rg‘on-1977” futbolchisi Orzu Razzoqov, “TerDU” klubi esa Sarvar Husanov va Farrux Haydarov oldidagi majburiyatlarini bajarmagan holda qolmoqda.
Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qarzdorliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmagani sababli 2025 yilgi mavsum qishki transfer oynasida “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublariga yangi futbolchilarni milliy va xalqaro miqyosda ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangan edi. Keyinchalik Namangan va Farg‘ona viloyati hokimliklari tomonidan kafolat xatlari taqdim etilgandan so‘ng taqiq vaqtincha olib tashlangan, biroq belgilangan muddat ichida klublar qarzlarini to‘liq yopmagan.
Futbol assotsiatsiyasi ta’kidlaganidek, ushbu klublarga nisbatan avvalroq jarima va intizom choralari ko‘rilgan bo‘lsa-da, natija kutilganidek bo‘lmagan. Qarzdorliklar hanuz saqlanib qolmoqda va bu holat takrorlanishi reglamentning og‘irlashtiruvchi moddasiga tushadi.
Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglamentning 12-bis moddasiga ko‘ra, har bir klub futbolchilar va boshqa klublar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishi shart. Moliyaviy intizomni takroriy ravishda buzish esa og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, yanada qattiq choralar ko‘rilishi mumkin.
Shu sababli, 2025-yil 3-noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qo‘mitasida mazkur klublarga nisbatan yangi intizomiy choralar ko‘rish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Qarzdorlikni bartaraf etmagan “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublariga nisbatan 3 ochkodan mahrum qilish va qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Shuningdek, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro” va “TerDU” klublariga ham shunday cheklov qo‘yilishi, “Qumqo‘rg‘on-1977” esa musobaqadan butunlay chetlashtirilishi ehtimol qilinmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu qarorlar klublarni moliyaviy intizomga undash hamda milliy chempionatda teng raqobat muhitini ta’minlash maqsadida qabul qilinadi. Muxlislar esa bu jarayonni diqqat bilan kuzatmoqda — chunki ayni paytda har bir ochko, har bir qaror chempionat taqdiri uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!